Keyingi yillarda yurtimizda “Daladan dasturxongacha” tamoyili asosida oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash mexanizmi joriy etildi. Natijada mahsulot ishlab chiqarish, saqlash, tashish va sotishdagi barcha jarayon isloh qilindi. Bu aholini barqaror oziq-ovqat bilan taʼminlashda ijobiy natijalarga olib kelgani bor haqiqat. Ayni paytda milliy mahsulotlarimiz raqobatbardoshligi oshib, xalqaro bozorlarga chiqish imkoniyati kengaydi.
Shu oʻrinda aniq raqamlar
orqali oziq-ovqatga ehtiyojni qisqacha tahlil etsak. Qashqadaryo viloyatida joriy
yilda 1 million tonnadan ortiq don, 729 ming tonna sabzavot, 350 ming tonna kartoshka,
260 ming tonna poliz, 201 ming tonna meva, 116 ming tonna uzum, 379 ming tonna goʻsht,
1509 ming tonna sut, 594 millionta tuxumni bozorga chiqarish reja qilingan.
Mutaxassislarning aytishicha,
viloyat aholisi uchun yiliga oʻrtacha 340 ming tonna kartoshkaga ehtiyoj bor. Bu
yilgi koʻzlangan reja bajarilsa, ehtiyoj toʻla qoplanib, undan 10 ming tonna kartoshka
ortib ham qoladi. Shuningdek, viloyat ahli ehtiyoji uchun yiliga 25 ming tonna piyoz,
73 ming tonna sabzi, 36 ming tonna guruch, 160 ming tonna goʻsht, 55 ming tonna
parranda goʻshti, 773 millionta tuxum, 34 ming tonna oʻsimlik yogʻi talab etiladi.
Aholi soni oʻsishi
barobarida oziq-ovqatga ehtiyoj ham ortib boradi. Bu esa soha vakillari oldiga ishlab
chiqarish hajmini muntazam koʻpaytirib, islohotlarni izchil davom ettirish zaruratini
qoʻyadi.
Islohotlar jarayoni
kelgusidagi ehtimoliy holatlar hisobga olinayotgani bilan ahamiyatli. Masalan, oziq-ovqat
xavfsizligini taʼminlashda 3 ta yoʻnalishda ishlash maqsad qilingan. Birinchisi,
ichki imkoniyatlarni safarbar qilib, qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlari
yetishtirishni koʻpaytirish. Ikkinchisi, boshqa viloyatlardan olib kelish hamda
viloyatda yetishtirilgan mahsulotlar hajmidan kelib chiqib, tumanlararo intervensiyani
taʼminlash. Uchinchisi, xorijdan olib kelishga ehtiyoj kuchli boʻlgan mahsulotlar
hajmini oshirish uchun importyorlarni qoʻllab-quvvatlash.
Masalan, kartoshka
va goʻshtga doim talab yuqori. Ularni esa viloyatda yetishtirish uchun yetarli imkoniyat,
salohiyat bor. Faqat ilm bilan samarali mehnat qilinsa, barcha muammolarga yechim
topish mumkin.
— Shu yil 12 may kuni
Prezidentimiz raisligida oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi sohasida davlat boshqaruvini
takomillashtirish hamda chorvachilik sohasini qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari
yuzasidan oʻtkazilgan yigʻilishda bir qator topshiriqlar oldik, — deydi Qashqadaryo
viloyati hokimi Murotjon Azimov. — Shundan kelib chiqqan holda bosqichma-bosqich
ishlar amalga oshirilmoqda. Albatta, oziq-ovqat taʼminotini oshirish har birimizning
burchimiz. Harakat qilsak, yangidan yangi loyihalarni yoʻlga qoʻyib borsak, natija
ijobiy tomonga oʻzgaradi. Shu paytgacha vohaning issiq havosida kartoshka boʻlmaydi
degan tushuncha bor edi. Lekin oʻtgan yili Misr kompaniyasi bilan “Agro gold
Premium” MCHJ hamkorlikda Kitob tumanidagi tajriba oʻzini oqladi. Oʻrganishlar davomida
nafaqat Kitob, balki Nishon tumanining yaylov yerlari ham kartoshka yetishtirishga
mos ekani maʼlum boʻldi. Shu sabab joriy yilda Nishonda 1200 gektar yaylov yer ajratildi.
Bu yerlar oʻzlashtirilib, kartoshka va chorva ozuqasi yetishtiriladi.
Bahorgi mavsumda 40 gektarda, iyul-avgust oylarida yana
350 gektarga kartoshka ekiladi. Hozir 6 ta yomgʻirlatib sugʻorish texnologiyasi
oʻrnatilmoqda. Oʻtgan yili viloyatda 208 ming tonna kartoshka hosili olindi. Bu
yilgi marra yanada katta.
Viloyat qishloq xoʻjaligi
mutaxassislari maʼlumotiga koʻra, bahorgi mavsumda fermerlarning 7 ming gektar hamda
dehqon xoʻjaliklari va aholi xonadonlarining 15 ming gektardan ortiq maydoniga kartoshka
ekildi. Bundan tashqari, viloyat boʻyicha 49 ming gektar asosiy maydonlarga oziq-ovqat
ekinlari ekilgan. Kutilayotgan hosil esa 1,6 million tonnani
tashkil etadi. Xususan, 1805 gektar dala chetlarida sabzavot, poliz, dukkakli va
moyli ekinlar urugʻi sepilgan. Shuningdek, joriy yilda gʻalladan boʻshagan 81 ming
gektar maydonga oziq-ovqat va ozuqabop ekinlar ekilib, 1,4 million tonna mahsulot
yetishtiriladi.
Bundan yetti-sakkiz yil ilgari viloyatda issiqxonalar sanoqli edi. Bugun koʻrsatkich
keskin oshdi. Koʻplab xonadonlarda issiqxonalar qurilgan. Natijada bozorlar qishda
toʻkin. Yilning toʻrt faslida ham istalgan meva va sabzavotni topish mumkin.
Hozir viloyatdagi
348 ta subyektning 420 gektar issiqxonasi bor. Ulardan yil boshidan buyon 10,4
ming tonna pomidor va 12,2 ming tonna bodring hosili olindi. Yana 2 ming tonna
hosil kutilmoqda. Joriy yilda 4305 gektarda bogʻ yaratish reja qilingan.
Dehqonlar 1,8 ming gektar yerga meva, 400 gektar uzum va 283 gektar noʻxat
ekib, yuqori hosil olishi koʻzlanmoqda. Masalan, Dehqonobod tumanida 204
gektar, Yakkabogʻda 63 gektar, Shahrisabzda 16 gektar maydonga noʻxat va
Qamashi tumani Chimqoʻrgʻon suv ombori atrofida 200 gektar mosh ekilgan.
“Global Export Company” MCHJ Kitob tumanida 1,6 ming gektar maydonda organik
meva yetishtirishni boshlagan.
— Dehqon
xoʻjaliklariga yer ajratilishi odamlarda yerga egalik hissini, mehnatga ishonchni
va ertangi kunga umidni kuchaytirdi, — deydi mirishkorlik dehqon Murod ota
Qoryogʻdiyev. — Ishsiz yoki daromadi kam boʻlgan minglab fuqarolar shu berilgan
yerdan baraka topib, oilasi toʻkinligi uchun mehnat qilyapti.
Hozir viloyatda 23 ming gektar yer 39,4 ming fuqaroga dehqon xoʻjaligi
qilib berilgan. Shundan 21,7 ming gektariga joriy yil uchun asosiy ekinlar
ekildi. 3,4 ming gektar yerda sabzavot,
5,1 ming gektarda poliz, 1,5 ming gektarda kartoshka, 1,6 ming gektarda
dukkakli, 747 gektarda moyli hamda 9,3 ming gektarda boshqa mahsulotlar
yetishtirilmoqda. Ajratilgan yer maydonlaridan 14,6 ming gektarida “Bir kontur — bir mahsulot” tamoyili asosida serdaromad va
eksportbop ekin ekish tashkil etilmoqda. Shu yil hisobidan 179 ta lotdan
tashkil topgan ijara yer maydonlariga in-vitro usulida olingan 66 ming tup
gilos, bodom va olxoʻri koʻchati ekildi. 195 ta mahallada “Bir mahalla — bir
mahsulot” tamoyili asosida aholi tomorqalarida ekin ekish davom etmoqda.
Chorvachilik
yuqori daromad keltiradigan, eksportbop va oziq-ovqat xavfsizligini
taʼminlashda strategik ahamiyatga ega yoʻnalishdir. Sohadagi ahamiyatli
masalalardan biri ozuqa bazasini kuchaytirish. Endi ozuqabop ekinlar ekishga
keng yoʻl ochilmoqda. Bu chorva mahsuldorligini oshirishning asosiy omili.
Yangi tizim orqali viloyatda yirik sanoatlashgan chorvachilik
komplekslari tashkil etiladi. Bu zamonaviy texnologiya asosida
harakatlanadigan yangi ishlab chiqarish quvvatlari degani. Jumladan, kelgusi 2
yilda viloyatda qoramollar bosh sonini 1,9 milliontaga, qoʻy va echkilar bosh
sonini 6,8 milliontaga, parrandalar bosh sonini 8,5 milliontaga yetkazish,
chorvachilik (goʻsht va sut) mahsulotlarini sanoat usulida qayta ishlash
darajasini 50 foizga olib chiqish hamda nasldor qoramollar ulushini 90 foizga yetkazish
orqali chorva mollari mahsuldorligini oshirish reja qilingan.
Buning uchun joriy yilda qiymati 856 milliard soʻmlik 259 ta loyiha ishga
tushiriladi. Muhimi, 13 ming bosh yirik shoxli va 72 ming 300 bosh mayda shoxli
mol olib kelinadi. Natijada 1184 ta ish oʻrni ochiladi.
Bugungacha qiymati
108 milliard soʻmlik 61 ta loyiha amalga oshirildi. Yaʼni
19 ming 800 bosh qoʻy va 1700 bosh qoramol olib kelindi.
Joriy yilning 30-mart–3-aprel kunlari viloyat delegatsiyasi Belarus
Respublikasida xizmat safarida boʻldi. Unda qator loyihalarni amalga oshirish
boʻyicha kelishuvga erishildi. Xususan, viloyatdagi “Asl yuksalish savdo”
korxonasi Vitebsk viloyati Shumilin tumanida “Qashqadaryo ChorvaUz” MCHJ ochdi.
Tadbirkor dastlab shu tumandagi 2 ta chorva kompleksini ijaraga oldi. Birinchi
bosqichda 1 ming bosh chorva boqish yoʻlga qoʻyilyapti. Buning uchun tadbirkor
hozir 2 ming gektar yerni ijaraga olish taraddudida.
Chorvadorlarning taʼkidlashicha, Belarusda chorva ozuqasi yetishtirish
tannarxi arzon. Chorva mollari nasldor, iqlimi qulay. Shu bois, vohalik
tadbirkor 1 bosh qoramoldan 4 oyda 8-10 million soʻm sof foyda koʻrishni
moʻljallagan. Bu koʻrsatkich vohada 2 baravar kam.
Viloyatdagi yana 4
tadbirkor Belarusda ish boshlash tashabbusini bildirgan.
Shu oʻrinda
tadbirkorlarimizning xorijda faoliyat yuritishi qanday foyda keltiradi degan
savol tugʻilishi tabiiy.
Avvalo, tabiiy
iqlim sabab soha tez rivojlanadigan mamlakatda daromad yuqori boʻladi. Olingan
foyda esa toʻgʻridan toʻgʻri mamlakatga sarmoya boʻlib kiradi. Qolaversa,
mehnat muhojirlari, xorijdagi vatandoshlar ishonchli va daromadli ish oʻrni
topish imkoniga ega boʻladi. Bundan har ikki tomon ham foyda koʻradi. Muhimi,
tadbirkor rivojlangan davlatdagi malakali mutaxassislar bilan ishlashi ancha
oson va qulay. Ayni jihat sohadagi eng zamonaviy texnologiya va ilmni
oʻzlashtirib, mamlakatda keng joriy etishga yoʻl ochadi. Shu bois,
qashqadaryolik tadbirkorlarning Belarusda ish boshlashini chorvachilikdagi yana
bir yutuqli yurish deyish mumkin.
Ayni paytda sohani
mamlakat ichida rivojlantirishga ham jiddiy eʼtibor berilmoqda. Masalan, bu
borada yuqori koʻrsatkichga erishish uchun, avvalo, yaylov koʻp boʻlishi zarur.
2025-yil 30-yanvarda davlatimiz rahbarining “Yaylovlarni muhofaza qilish va ulardan
oqilona foydalanishning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish chora-tadbirlari
toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilingan edi. Unga koʻra, Veterinariya va
chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi va Aerogeodeziya markazi bilan
birgalikda viloyatdagi 1,2 million gektar yaylov kompleks xatlovdan oʻtkazildi.
Mazkur farmonda
belgilanganidek, oldindan egalik huquqi mavjud boʻlgan 1739 ta
subyektga 837 ming gektar yaylov yerlari toʻgʻridan toʻgʻri ijaraga berilmoqda.
Shuningdek, yaylovlarda degradatsiyaning oldini olish maqsadida mavjud 10 ta
qorakoʻlchilik xoʻjaligi tomonidan joriy yilda Mirishkor, Nishon, Muborak,
Gʻuzor, Koson va Dehqonobod tumanlarida 3,5 ming gektar yaylovga choʻl
oʻsimliklari — izen, olaboʻta, shuvoq urugʻlari ekildi. Bundan tashqari, Jahon bankining
2,7 milliard soʻm mablagʻi oʻzlashtirildi. Buning
evaziga viloyatdagi 7 ta oʻrmon xoʻjaligi tomonidan 4,5 ming gektar yaylovda
qayta tiklash ishlari olib borildi. Kelgusi 2 yilda viloyat boʻyicha
degradatsiyaga uchragan 50 ming gektar yaylovni qayta tiklash
rejalashtirilgan. Masalan, Qamashi tumanida namunaviy loyiha asosida 6 gektar
maydonda Turkiyadan keltirilgan, iqlimga mos hosildor beda urugʻi ekildi.
“Biodrift” kompaniyasi tomonidan yomgʻirlatib sugʻorish texnologiyasi joriy
qilindi.
Chorva ozuqasi
ekinlari urugʻchiligi boʻyicha Janubiy dehqonchilik ilmiy-tadqiqot instituti
hamda Chorvachilik ilmiy-tadqiqot institutining viloyat filiali bilan birga
ishlanmoqda. Aholi xonadonlarida chorva ozuqasini yetishtirish boʻyicha
seminarlar tashkil qilinmoqda.
Soha
mutaxassislarining aytishicha, joriy yil viloyatga yer oʻzlashtirish uchun
byudjetdan 50 milliard soʻm ajratilgan. Ushbu mablagʻlar hisobidan 4 ta loyiha
amalga oshiriladi. Qamashi tumanida 1,8, Yakkabogʻda 21,9, Mirishkorda 14,6
kilometr kanal, lotoklar tarmogʻi quriladi va rekonstruksiya qilinadi. Nishon
tumanida esa 7 kilometrga quvur tortiladi. Hozir mazkur obyektlarning
loyiha-smeta hujjatlari toʻliq ishlab chiqilib, ekspertizadan oʻtkazilmoqda.
Bu ishlar natijasida 5248 gektar yer oʻzlashtiriladi, qayta foydalanishga
kiritiladi. Shu bilan birga, tadbirkorlarga 10 yil muddatgacha imtiyozli
kreditlar berish yoʻlga qoʻyilgan.
Paxtachilik, gʻallachilik va (yoki) chorvachilikka ixtisoslashgan
xoʻjaliklar sugʻoriladigan yerlarining koʻpi bilan 20 sotixida chorva uchun
bino yoki ombor qurishga ruxsat berilmoqda. Buning uchun xoʻjalik yeri 10
gektardan kam boʻlmasligi kerak. Bino kamida 2 gektardagi yaxlit maydondan
iborat konturda qurilishi zarur. Shunda ruxsat etilgan foydalanish turini ichki
xoʻjalik yer tuzish loyihasiga asosan chorva mollari va chorva uchun ozuqani
saqlash va koʻpaytirish turiga oʻzgartirishga yoʻl qoʻyiladi. Qolaversa,
viloyatdagi paxta va gʻallachilikka ixtisoslashgan fermer xoʻjaliklarining 2510
tasida chorva, parranda va asalari boqish uchun yengil konstruksiyali molxona
va boshqa binolar qurish reja qilingan.
Yana muhim jihat. Fermer yer turini oʻzgartirishi yer nobudgarchiligi deya
baholanib, kompensatsiya undiriladi. Bugungacha viloyatda 838 ta fermer yer
tuzish loyihalari ishlab chiqib, 96 gektar nobudgarchilik oʻrnini qoplash uchun
39 milliard soʻm toʻlashi kerak edi. Prezidentimizning tegishli qarori bilan bu
toʻlovlar 10 foiz miqdorida qoʻllanilmoqda. Bu esa fermerlarga katta ragʻbat
boʻlib, 35 milliard soʻm mablagʻ tadbirkorlarning oʻzida qolyapti.
Qashqadaryoda naslchilik va sunʼiy urugʻlantirish tizimi rivojlanib
bormoqda. Bajarilayotgan ishlar, yangi loyihalar buning yaqqol dalili.
Jumladan, belgilangan dasturga koʻra, viloyatdagi 151 ta veterinariya
uchastkasi tomonidan aholi xonadonlaridagi 104 ming bosh sigir identifikatsiya
qilindi. 58,5 ming bosh sigir sunʼiy urugʻlantirildi. Yil yakunigacha bu
koʻrsatkich 191 ming boshga yetkaziladi. Shuningdek, 607 ming bosh qoramol
identifikatsiya qilinadi.
Umuman olganda,
chorvachilik sohasi ilmiy yondashuv, raqamli texnologiya va zamonaviy boshqaruv
asosida rivojlanadigan tizimga aylanadi.
Hozir Buyuk Britaniyaning “Yunayted Grin” kompaniyasi bilan Oʻzbekistonda
sut aralashmasi ishlab chiqarishga oid 300 million dollarlik loyiha boʻyicha
ishlanmoqda. Bu loyiha doirasida Nishon, Mirishkor va Muborak tumanlarida 12
ming gektar maydonda iqlimga mos “aqlli” qishloq xoʻjaligi tizimi joriy
qilinadi. Natijada yuqori sifatli beda, makkajoʻxori silosi, makkajoʻxori doni
va almashlab ekiladigan arpa, soya hamda kungaboqar kabi ozuqa ekinlar
yetishtiriladi va 10 ming bosh qoramol boqish yoʻlga qoʻyiladi. Bu yiliga 50
million dollargacha import oʻrnini bosadigan mahsulot va 4 mingdan ortiq ish
oʻrni yaratiladi degani.
Akbar RAHMONOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri