Imtiyoz boyovutlik yoshlarning nimaga qodirligini ko‘rsatdi

    Keyingi avlod 8 Iyul 2021 1114

    Sirdaryo viloyati Boyovut tumanida subsidiya tariqasida mehnat qurollari bilan taʼminlangan yoshlar daromad olishni boshladi.

    Yoshlar ishlari agentligi rasmi

    Tumandagi “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyib, oʻzini oʻzi band qilish istagini bildirgan 57 nafar yoshlarga subsidiya tariqasida zarur asbob-uskunalar va mehnat qurollari ajratib berilgan edi.

    Shulardan 29 nafari tikuv mashinasi, 8 nafari payvandlash uskunalari, yana shuncha yoshga motokultivator texnikalari, shuningdek, telefon tuzatish jihozlari jamlanmasi, sartaroshxona va qurilishda foydalanadigan elektr jihozlar olib, shu orqali mustaqil faoliyatlarini yoʻlga qoʻydi.

    Yoshlar ushbu imtiyozlar doirasida olib borayotgan faoliyatlari bilan oʻzlariga berilgan imkoniyatlardan oqilona foydalanayotganliklarini yana bir bor isbotladi.

    Hukumatimizning tashabbusi orqali zarur anjomlar bilan birga ulkan ishonch va umidga ega boʻlgan yoshlar endilikda halol mehnat qilib, oʻz daromadini oshirishga erishyapti.

    Yoshlar ishlari agentligi tomonidan subsidiya hisobidan asbob-uskuna va jihoz olgan yoshlarning faoliyati, ularning muammolari muntazam monitoring qilib boriladi. Zarur hollarda ularning tadbirkorlik faoliyati bilan bogʻliq muammolari bartaraf etishga ham amaliy yordam beriladi, deb xabar beradi Boyovut tumani hokimligi matbuot xizmati.