“Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilinishi har bir davlat xizmatchisining kelgusi ish faoliyatida muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qiladi.
Unga ko‘ra, davlat fuqarolik xizmatchilarining kasbiy madaniyati, xizmat faoliyati davomida hamda xizmatdan tashqari vaqtda odob-axloqi, tashqi ko‘rinishi va kiyinish uslubining o‘ziga xos tartibi belgilandi. Namunaviy qoidalarni belgilaydigan Davlat fuqarolik xizmatchilari odob-axloqining bunday qoidalari tasdiqlangani ushbu yo‘nalishdagi ishlar ko‘lamini sifat jihatdan yanada yaxshilash imkonini beradi.
Qonun 10 ta bob va 64 ta moddadan iborat bo‘lib, mamlakatimizda ijro hokimiyati vazifalarini amalga oshiruvchi davlat organlari va tashkilotlaridagi 118 mingdan ortiq davlat fuqarolik xizmatchilarining faoliyati bilan bog‘liq barcha munosabatlarni yagona qoidalar asosida tartibga soladi. Ushbu qonunni ishlab chiqishda xalqaro tajribalar o‘rganildi, ilg‘or xorijiy davlatlardagi amaliyotning eng ma’qul jihatlari milliy qonunchilik me’yorlari bilan o‘zaro uyg‘unlashtirildi.
Davlat organlarida fuqarolik xizmatini o‘tash tartibi, ushbu sohadagi davlat boshqaruvi, davlat xizmatchilarining huquqiy maqomi belgilandi. O‘z navbatida, 40 soatdan oshmaydigan ish davomiyligi belgilanib, ularga “xayfsan”, “jarima” va ishdan bo‘shatish bilan bir qatorda malaka darajasi va lavozimini pasaytirish kabi intizomiy jazolar ham joriy qilindi. Davlat xizmatchilariga 27 kundan kam bo‘lmagan yillik asosiy ta’til beriladi. Davlat fuqarolik xizmatchilariga “siyosiy”, “boshqaruv” va “yordamchi” malaka darajalari belgilandi.
Endilikda yuristlar, huquqni muhofaza qiluvchi va mudofaa organlaridagi xodimlarning maxsus unvonlari kabi fuqarolik xizmatchilari ham maxsus martabalar, ya’ni malaka darajalariga ega bo‘ladi.
Qonunga asosan korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etgan shaxslar davlat fuqarolik xizmatiga qabul qilinmaydi.
Azamatjon XOLMATOV,
Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi
Farg‘ona viloyati hududiy boshqarma boshlig‘i.