Tashrif doirasida mehmonlar viloyat hokimi Botir Zaripov bilan uchrashishdi. Uchrashuv davomida Buxoro viloyati bilan Indoneziya oʻzaro hamkorlik munosabatlari muhokama qilindi. Xususan, bugungi kunga qadar Buxoro davlat universitetida Indoneziyaning bir qator universitetlari bilan hamkorlik shartnomalari imzolanganligi, ular orasida Gunadarma universiteti bilan hamkorlik alohida ahamiyat kasb etishi, Indoneziyaning “Sahid Group” kompaniyasi bilan hamkorlikda xorijiy brend boshqaruvi joriy etilgan “Sahid Zarafshon” nomli mehmonxona sifatida faoliyat yuritayotganligi, kelgusida Oʻzbekistonda Indoneziyaning Jakarta shahridan aviaqatnovlarni amalga oshirilishi ustida ish olib borilishi, ziyorat turizmi yoʻnalishida zarur chora-tadbirlarni amalga oshirilishi bilan bogʻliq masalalar muhokamalar markazida boʻldi.
Mehmonlar va Buxoro davlat universiteti rektori Obidjon Hamidov uchrashuvida oʻzaro hamkorlik munosabatlarini yanada yaxshilash, taʼlim tizimida aloqalarni mustahkamlash masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Delegatsiya aʼzolari Buxoro davlat universitetining faoliyati, talaba va professor-oʻqituvchilarga yaratilgan sharoitlar, shuningdek, oʻquv dargohining boy tajribasi bilan tanishtirildi. Universitetda tashkil etilgan Indoneziya markazi mehmonlarga katta taassurot qoldirdi.
Qayd etish joiz, Buxoro davlat universitetida 2019-yildan beri “Raqamli turizm” qoʻshma magistratura taʼlim dasturi yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, joriy yilda ushbu dasturni 7 nafar oʻzbekistonlik va 11 nafar indoneziyalik talaba tugallab, ikkala universitet diplomiga ega boʻldi. Oʻtgan yili Gunadarma universitetidan arxitektura yoʻnalishida 100 nafarga yaqin talaba tashrif buyurib, oʻz loyihalarini taqdim etdi. Bugungi kunda Gunadarma universitetida Indoneziyadagi eng tez ishlovchi superkompyuter oʻrnatilgan boʻlib, uning imkoniyatlaridan BuxDU tomonidan ham foydalanish boʻyicha maslahatlashuvlar olib borilyapti. Shuningdek, doimiy tarzda qoʻshma konferensiyalar, seminar va treninglar tashkil qilinadi. Gunadarma universiteti hududida yangi texnopark tashkil qilingan boʻlib, ushbu texnoparkda BuxDU tadqiqotchilari ilmiy stajirovkadan oʻtishlari rejalashtirilgan.
BuxDU huzurida Gunadarma universiteti mablagʻlari hisobidan tashkil etilgan Indoneziya sinf xonasi mavjud.
Uchrashuvda elchi Sunaryo Kartadinata Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan taʼlim tizimida amalga oshirilayotgan izchil islohotlarni alohida eʼtirof etdi.
Tashrif davomida mehmonlar B.Naqshband majmuasini ziyorat qilib, “Poykent Bukhara” mehmonxonasining ochilish marosimida ishtirok etdi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati.