Mazkur masjid ochilishida Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov onlayn nutq soʻzlab, Indoneziya musulmonlari tomonidan ulugʻ muhaddis Imom al-Buxoriyning nomlariga masjid barpo qilinishi ikki xalq oʻrtasidagi birodarlik aloqalarining yana-da mustahkamlanishiga xizmat qilishini taʼkidladi.
Masjid naqshlarini yaratishda Samarqanddagi Shohi Zinda ziyoratgohidan andoza olingan, gʻishtlarini terishda Buxorodagi Poyi Kalon masjidiga yondashilgan. Masjidning old tarafida Hazrati Imom masjididagi mavjud minoralar kabi ikki minora qad rostlagan.
— Masjid gʻoyasi va dizayni Oʻzbekistonga sayohatimiz natijasida yuzaga keldi, — dedi Jakartadagi Istiqlol muzeyi eksperti, hattot Saifuddin. — Masjiddagi turli xil uslublar Oʻzbekiston shaharlaridagi binolarga oʻxshaydi. Bu inshoot ikki mamlakat doʻstligi ramzi va Oʻzbekistonning kichik boʻlagi boʻlib xizmat qiladi.