Indoneziyadagi 5,8 magnitudali zilzila oqibatida 29 kishi jabrlandi

    Indoneziyaning Sulavesi viloyatidagi Poso tumanida sodir bo'lgan 5,8 magnitudali zilzila oqibatida 29 kishi jabrlandi, ulardan ikki nafarining ahvoli og'ir.

    AQSh Geologiya xizmati ma'lumotlariga ko'ra, zilzila Poso shahridan 15 kilometr shimolda mahalliy vaqt bilan soat 05:38 da sodir bo'lgan.

    Antara News xabariga ko'ra, Indoneziya tabiiy ofatlarni boshqarish milliy agentligi (BNPB) zilzila oqibatida 29 kishi jabrlanganini tasdiqladi.

    Jarohatlanganlarning barchasi shifoxonalarga yetkazilgan, ikki kishining ahvoli og'ir.

    Agentlik ma'lumotlariga ko'ra, asosiy yer silkinishdan so'ng 10 bor aftershok qayd etilgan, ularning eng kuchlisining magnitudasi 3,2, qolganlariniki esa o'rtacha 2.0 magnitudani tashkil etgan. BNPB, shuningdek, tsunami xavfi yo'qligini ham xabar qildi.

    Mahalliy OAV, o'z navbatida, zilzila magnitudasi 6,0 ballni tashkil etganini ma'lum qildi, deb xabar berdi aa.com.tr.