Shu maqsadda, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasiga Indoneziyaning Leimena instituti ijrochi direktori Matius Ho rahbarligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.
Dastlab akademiya Ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektori Zohidjon Islomov mehmonlarga “Manbalar xazinasi”da saqlanayotgan nodir toshbosma asarlar, ilmiy xodimlar tomonidan ularning tadqiqi borasida olib borilayotgan ishlar haqida maʼlumot berdi. “Manbalar xazinasi” boʻlimi mudiri Mahammadsidiq Usmonov bu borada batafsil toʻxtalib oʻtdi.
Indoneziyaning Leimena instituti ijrochi direktori Matius Ho hamda Indoneziya Islom universiteti professori Amin Abdullah “Manbalar xazinasi” boʻlimidagi faxriy va hurmatli mehmonlar uchun ajratilgan – Esdalik kitobiga oʻzining samimiy tilaklari, dil soʻzlarini yozib qoldirdi.
Shundan soʻng, Akademiya majlislar zalida tor doiradagi uchrashuv tashkil etildi. Prorektor Zohidjon Islomov tomonidan delegatlarga yurtimizda diniy-maʼrifiy sohada olib borilayotgan islohotlar, buyuk ajdodlarimiz nomi bilan faoliyat olib borayotgan xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, sohadagi taʼlim muassasalari haqida atroflicha maʼlumot berildi. Jumladan, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi va uning huzuridagi tashkilotlar, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy tadqiqot, Malaka oshirish, “Ziyo” media markazlari, Akademik litsey, “Ziyo-zukko” maktabi faoliyati mehmonlarda qiziqish uygʻotdi.
Akademiyada ilmiy yoʻnalishdagi ishlar, doktorantura bosqichida izlanish olib borayotgan yosh olimlar, Malaka oshirish markazi delegatlar diqqat markazida boʻldi.
Matius Ho Oʻzbekistonga ilk bor kelganini bildirib, oʻz taassurotlari haqida gapirib berdi.
— Oʻzbekiston zaminida oʻtkazilgan “Deklaratsiyalar muloqoti” forumida mamlakatimiz vakili sifatida ishtirok etdim, — deydi u. — Forum doirasida yurtingizdagi koʻplab tarixiy qadamjolarni, soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda amalga oshirilgan keng koʻlamdagi islohotlarning guvohi boʻldim. Ayniqsa, Samarqand, Buxoro shaharlaridagi safarlar menda chuqur taassurot qoldirdi. Jumladan, bugungi uchrashuv ham Xalqaro islom akademiyasi faoliyatiga boʻlgan qiziqishlarimni oshirdi. Mamlakatlarimiz oʻrtasida oʻxshash jihatlar koʻp ekan. Oʻylaymanki, uchrashuv mobaynida har ikki tomonlarning fikr va takliflari asosida kelgusida hamkorlik aloqalarini mustahkamlaymiz.
Doʻstona oʻtgan muloqot davomida mehmonlar oʻzlari faoliyat yuritayotgan markaz va taʼlim muassasalari faoliyati, maqsad, vazifalari boʻyicha maʼlumot berishdi. “Deklaratsiyalar muloqoti” forumidan olgan yangiliklari, yangi hamkorlar bilan tajriba almashilgani borasidagi fikrlari bilan oʻrtoqlashishdi. Mehmonlarga Akademiya rahbariyatining esdalik sovgʻalari topshirildi.
Uchrashuvdan soʻng delegatlar Akademiya hududida joylashgan muqaddas qadamjolar – Shayxovantahur, Toʻlabek (Qaldirgʻochbek) hamda Yunusxon maqbaralarini ziyorat qildi.
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi Matbuot xizmati