FIFA prezidenti Janni Infantino Doxada oʻtgan Futbol assotsiatsiyalari xalqaro kengashi – IFAB yigʻilishida bir oʻyinda beshta oʻyinchi almashtirishga butunlay ruxsat berilganini taʼkidlar ekan, tashkilot yana bir nechta masalarni ham oʻrganib chiqayotganini aytdi.
Infantinoning qayd etishicha, 1,5 soatga moʻljallangan futbol oʻyini baʼzan 46-48 daqiqa davom etyapti. FIFA IFAB bilan hamkorlikda oʻyin sof 1,5 soat davom etishi masalasini oʻrganyapti.
FIFA prezidenti aytgan gaplar amalga oshadigan boʻlsa, futbolda ham xokkey va mini futboldagi kabi faqat oʻynalgan vaqt hisobga olinadi. Shunda oʻyinchilar tomonidan vaqtni atayin choʻzish, jarohat olmasa ham maydonda yotib olish, toʻpni maydon tashqarisiga tepib yuborish kabi salbiy holatlar barham topadi.
Xoʻsh, Infantino aytgan gaplar amalga oshadimi? Buni jamoatchilik qabul qiladimi? Hozircha bu savollarga javob yoʻq.
“Albatta, bu taklifga eʼtiroz bildiradiganlar ham bor. IFAB har qanday taklifni eshitishga va oʻrganib chiqishga tayyor”, deydi FIFA prezidenti.