Infarktdan soʻng yurak faoliyatini samarali tiklash yoʻli topildi

    Yurak xurujini oʻtkazgan bemorlarda koʻpincha kasallikdan soʻng zararlangan mushaklar oʻrni chandiq bilan qoplanadi. Bu esa yurakning organizmga qon haydash qobiliyatini zaiflashtiradi va yurak yetishmovchiligini yuzaga keltiradi.

    Bu haqda Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

    Qayd etilishicha, olimlar tomonidan jonivorlarda oʻtkazilgan tajriba jarayonida suyak koʻmigining immun hujayralari GPR39 molekulasi bilan birgalikda yurak faoliyatini tiklashga yordam beruvchi GPNMB oqsili ishlab chiqarishi maʼlum boʻldi.

    Sinov chogʻida quyidagi tahlillar qoʻlga kiritildi: infarktdan keyin bir oy oʻtgach, GPNMB oqsilidan mahrum boʻlgan hayvonlarning 67 fozida yurak sohasida kuchli chandiqlar kuzatildi.Oqsil darajasi meʼyorida boʻlgan jonivorlarda esa bu koʻrsatkich atigi 8 foizni tashkil etdi.

    Tadqiqotchilar xulosasiga koʻra, ushbu yangilikdan yurak xuruji asoratlarini bartaraf etuvchi yanada samarali dori vositalarini yaratishda foydalanish mumkin.