Haftalik Milliy kutubxona tashkil etilganning 150 yilligini nishonlash va  Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbusdan biri — yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirish, ular o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish maqsadida o‘tkazilmoqda.

Tantanali ochilish marosimida Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Asadjon Xodjayev, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid, Respublika maʼnaviyat va maʼrifat markazi direktori Minhojiddin Hojimatov, “O‘zArxiv” agentligi direktori Ulug‘bek Yusupov va boshqalar so‘zga chiqib, Milliy kutubxonaning yoshlar tarbiyasidagi o‘rni va davlatimiz rahbari tomonidan jamiyatda kitobxonlikni rahbatlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni eʼtirof etdi.

— Mamlakatimizda mutolaa va kitobxonlik madaniyatini oshirish, ayniqsa, yoshlarimizning kitobga bo‘lgan ehtiyojlarini taʼminlash — davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi, — dedi AOKA direktori A.Xodjayev. — Men ushbu haftalik o‘z ishini boshlagani bilan barchani qutlayman. Va o‘ylaymanki, haftalikda talbalar, o‘quvchilar, ayniqsa oilaviy tashrif buyuruvchilar ko‘pchilikni tashkil qiladi.

Mazkur tadbirning yana bir o‘ziga xos jihati shundaki, u karantin cheklovlari sharoitida, shuningdek, viloyat, tuman, shahar axborot-kutubxona markazlarida parallel ravishda onlayn tarzda o‘tkazilmoqda. Natijada mazkur tadbirda olis hududlardagi foydalanuvchilar ham bevosita ishtirok etish imkoniga ega bo‘lmoqda.

«Infolib Uzbekistan-2020» IX Milliy axborot-kutubxona haftaligi dasturidan axborot-kutubxona xizmati ko‘rsatishga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarni  joriy qilingan ishlanmalar,  tavsiyalarni o‘rganish, ishtirokchilar uchun kitob taqdimotlari, ilm-fan, madaniyat va jamoat arboblari ishtirokida ijodiy uchrashuvlar,  yoshlarni intellektual bilimini oshiruvchi viktorinalar va kutubxona faoliyati hamda  o‘qish zallarida yaratilgan sharoitlar bilan tanishtiruvchi onlayn va oflayn tadbirlar o‘rin olgan.