COVID-19 koronavirus infektsiyasining tarqalishi salomatligimizga yanada e'tiborliroq bo'lish, gigiyena qoidalariga amal qilish va, eng asosiysi, himoya vositalaridan to'g'ri foydalanishni taqozo etmoqda. Karantin qoidalariga zid ravishda qilingan har bir nojo'ya harakat salbiy oqibatlarga, hatto, og'ir vaziyatlarga olib kelishi mumkinligiga ham, afsuski, bevosita duch kelyapmiz.

Kasallikning ilk alomatlaridan biri isitma ko'tarilishi, ekani Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti tomonidan qayd etilganidan buyon, deyarli barcha idora va tashkilot, savdo komplekslari hamda jamoat joylarida inson tana haroratini aniqlashda masofaviy o'lchash termometrlaridan foydalanila boshlandi. “Haroratingizni o'lchaymiz, oraliq masofani saqlang”, deguvchi mutaxassislar peshonamizga nur tushirib, salomatligimizni ko'zdan kechiradi. Boshqacha aytganda, infraqizil tibbiy termometrlar biz har kuni duch kelayotgan asosiy qurilmalardan biriga aylandi.

O'tgan vaqt davomida yurtimizga ko'plab shunday termometrlar xorij davlatlaridan kirib keldi. Mamlakatimizda barcha turdagi o'lchash vositalari qatorida infraqizil termometrlar ham O'zbekiston milliy metrologiya institutining Fizik-kimyoviy, optik-fizikaviy va harorat kattaliklarini o'lchash bo'limi laboratoriyasida metrologik tekshiruvdan o'tkaziladi. Jarayonlar Vazirlar Mahkamasi qarori bilan tasdiqlangan “O'lchash vositalarini davlat sinovlaridan o'tkazish Qoidalari” asosida amalga oshirib kelinmoqda. Pandemiyaning ilk davrida tadbirkorlar, qolaversa, aholiga qulaylik yaratish maqsadida mazkur termometrlar institut tomonidan bepul tekshiruvdan o'tkazildi. Umumiy ma'lumolarga ko'ra esa, oxirgi ikki yilda metrologik tekshiruvdan o'tgan infraqizil termometrlar soni 45 766 donani tashkil etmoqda.

Qanday ishlaydi?

Zamonaviy qurilmadan foydalanishga allaqachon ko'nikkan bo'lsakda, odamlarni hamon infraqizil termometrlarning qanday ishlashi, ulardan to'g'ri foydalanish talablari qiziqtiradi.

Inson tana haroratini o'lchashda asosan uch turdagi — simobli, elektron va infraqizil tibbiy termometrlardan foydalaniladi. Shu vaqtga qadar odamlarimiz ko'proq  simobli, elektron termometrdan foydalangan. Ammo koronavirus infeksiyasining tarqalishi sabab infraqizil termometrlarga bo'lgan talab ortib ketdi. Gap shundaki, infraqizil tibbiyot termometrlari inson tanasidagi haroratni masofadan turib tezkor aniqlash bilan bir qatorda, qisqa vaqt davomida bir necha bemorlar haroratini ketma-ket o'lchay oladi. Bu ko'plab odamlar ishlaydigan tashkilotlar, jamoat joylarida qo'l keladi.

Bu termometrlar inson tanasi va qattiq jismlarning sirt haroratini masofadan o'lchash uchun mo'ljallangan. Shu bois, sanoat va sog'liqni saqlash sohasida foydalaniladi. Ammo sanoat uchun mo'ljallangan termometrlardan inson tana haroratini o'lchashda foydalanib bo'lmaydi.

Qurilmaning ishlash printsipi spektrning infraqizil qismidagi ob'ektdan elektromagnit nurlanish amplitudasini o'lchashga va keyin o'lchangan qiymatni issiqlik nurlanish quvvatiga aylantirishga asoslangan. Optik tizim tomonidan yo'naltirilgan issiqlik nurlanishi datchik o'zgartirgichga uzatiladi va o'lchanayotgan sirt harorati qiymatiga mutanosib chiqishda elektr signali hosil bo'ladi. Ushbu signal elektron konvertor orqali hisoblash moslamasiga o'tib, natija displeyda aks etadi.

Infraqizil termometrda ham xatoliklar bo'lishi tabiiy. Ayniqsa, undan foydalanishdan avval uzatgich artilmagan bo'lsa. Ushbu qurilmada xatolik elektron va simobli termometrga qaraganda nur uzoq masofani bosib o'tganligi sababli yuzaga keladi. Shunga qaramay, qurilma qator afzalliklarga ega.

Birinchidan, infraqizil termometrdan betob odamlarda ham foydalaniladi, ammo bemor unga tegmaydi. Ya'ni, o'lchash jarayoni boshqa kishi tomonidan, ma'lum masofadan amalga oshirilgani bois, virus zarralari termometrga tushishi ehtimoli kam bo'ladi. Qolaversa, termometr xotirasi harorat o'zgarishi dinamikasini ko'rish imkonini beradi. Qurilma o'zida 8—50 tagacha o'lchashlarni saqlaydi. Ayrim modellarda o'lchash yakunlanganini xabar qiluvchi signallar mavjud. Haroratni o'lchash vaqtida bemorni bezovta qilmaslik uchun signal va nurni o'chirib qo'yish ham mumkin. Yana bir jihati, bu kabi termometrlar haroratga qarab rang bilan kodlanadi.

To'g'ri foydalanyapmizmi?

Har bir o'lchash vositasidan to'g'ri foydalanish — aniq va ishonchli o'lchash natijasini olishga to'g'ri proportsionaldir. Shu o'rinda, o'lchash vositasi haqida to'xtalsak. O'zbekiston Respublikasining Metrologiya to'g'risidagi qonuni 3-moddasida keltirilishicha, o'lchash vositasi — bu o'lchashlar uchun foydalaniladigan va normalangan metrologik xususiyatlarga ega bo'lgan texnika vositasidir. Infraqizil tibbiy termometr ham o'lchash vositasi hisoblanadi.

Qurilmadan to'g'ri foydalanishda bir qancha jihatlarga e'tibor berish lozim. Avvalo, termometrdan foydalanish yo'riqnomasi bilan tanishing. Har bir termometrning o'z harorat o'lchash ko'lami va xatoligiga ahamiyat berish ham muhim. Sog'liqni saqlash sohasida foydalanishga mo'ljallangan infraqizil termometrlardan foydalanishda esa, birinchi navbatda, uning davlat metrologiya tekshiruvidan o'tganligi haqida ishonch hosil qilish, aniqroq aytganda, muvofiqlik sertifikati mavjudligini tekshirish zarur.

Bu turdagi termometr hozirgacha asosan pediatriyada — bolaning tana haroratini o'lchash zarur bo'lganda qo'llanilardi. Ya'ni, bola an'anaviy termometrni 5-7 daqiqa ushlab tura olmagani uchun bu usul qo'l keladi. Infraqizil termometrdan foydalanishda uni quloq suprasi, peshona yoki chakkaga yo'naltirish kerak.

Ko'pincha qurilmani qo'lning bilak va kaft sohasiga, peshonaga hamda tananing boshqa turli qismlariga tekkizgan holda, haroratni o'lchash holatlariga guvoh bo'lamiz. Aksariyat hollarda noto'g'ri o'lchashlar shu sababli yuzaga keladi. Axir, infraqizil termometrdan foydalanish jarayonida u yo'naltirilgan obyekt yuzasiga to'g'ri keladigan oraliq masofani to'g'ri tanlay bilish o'ta muhim sanaladi. Boisi, aksariyat infraqizil tibbiyot termometrlarida o'lchanayotgan ob'ekt va termometr orasidagi masofa 3÷8 santimetr oralig'ida bo'lishi talab etiladi. Albatta, buni termometrning yo'riqnomasi va ayrim infraqizil termometrlarning korpus qismidagi yo'riqnomadan bilib olish imkoniyati bor.

Obyektdan infraqizil termometr uzoqlashgani sari o'lchash yuzasi kattalashib, xatoligi ham o'zgaradi. Buni xuddi yorug'lik chiqaruvchi fonarni devorga qaratib, uni uzoqlashtirgan sari yorug'lik kengayishiga o'xshatish mumkin.

Aslida, infraqizil termometr yurtimizda koronavirus epidemiyasi yuzaga kelgan vaqtdan keng qo'llanila boshlandi. Qurilma biz uchun nisbatan yangi bo'lgani bois, uning to'g'ri ishlayotganiga ishonch hosil qilish va metrologik tekshiruvdan o'tkazib turish talab etiladi. Belgilangan qoidalarga asosan, sohada o'lchash vositalarini qo'llaydigan barcha jismoniy va yuridik shaxslar uchun davlat metrologik tekshiruvi va nazorati tatbiq etilishi majburiy etib belgilangan. Birinchilardan bo'lib, sog'liqni saqlash, veterinariya, atrof-muhitni muhofaza qilish sohalarida qo'llaniladigan o'lchash vositalari keyinchalik ularning turi tasdiqlagan holda davlat sinovlaridan o'tkazilishi lozim. Bu ularning foydalanishga yaroqli, xavfsiz hamda to'g'ri ishlashini ta'minlaydi.

Doniyorbek ABDUMAJIDOV,

O'zbekiston milliy metrologiya instituti

bo'lim mutaxassisi