Inha universitetida Kiberxavfsizlik laboratoriyasi ochildi

    Keyingi avlod 12 Aprel 2022 1645

    Toshkent shahridagi Inha universitetida Kiberxavfsizlik laboratoriyasi oʻz ish faoliyatini boshladi. Uning ochilishiga bagʻishlangan tadbirda universitet xodimlari va rahbariyati hamda “Kiberxavfsizlik markazi” DUK direktori ishtirok etdi.

    Mazkur laboratoriya negizida kiberxavfsizlik boʻyicha talabalarni oʻqitish va mutaxassislarni tayyorlash, kiberxavfsizlik boʻyicha bir qator amaliy mashgʻulotlar uyushtirish, laboratoriyada hamkorlarni jalb qilgan holda kurslar tashkil qilish kabi tashabbuslar amalga oshiriladi.

    Tadbir davomida Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish, xususan, kiberxavfsizlik masalalari, universitet talabalari uchun talab qilinadigan koʻnikma va bilimlarni olish uchun yetarli shart-sharoitlar yaratish, qoʻshma taʼlim tashabbuslarini tashkil etish hamda qator ustuvor vazifalar belgilab olindi.

    Tadbir doirasida Toshkent shahridagi Inha universiteti va “Kiberxavfsizlik markazi” DUK oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisidagi shartnoma imzolandi, deb xabar beradi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi.