Ammo inklyuziv jamiyatni faqat davlat idoralari yoki mutaxassislar ishtirokida qurib boʻlmaydi. Bu jarayonda eng muhim kuch — yoshlarning oʻzi. Chunki bugungi oʻgʻil-qizlar nafaqat ertangi kun egasi, balki hozirgi oʻzgarishlarning faol ishtirokchisi hamdir. Ularning fikri, tashabbusi va innovatsion gʻoyalari jamiyat taraqqiyotining muhim omiliga aylanmoqda.
Buning yorqin namunalaridan
biri Samarqand shahrida tashkil etilgan “Fikr ber! (“Voice UP”) xalqaro
inklyuziv yoshlar oromgohi boʻldi. Mazkur platforma Oʻzbekiston, Qozogʻiston,
Qirgʻiziston, Tojikiston, Ozarbayjon, Turkmaniston va Turkiyadan kelgan faol
yoshlarni yagona maqsad — inklyuziv va adolatli jamiyat qurish gʻoyasi atrofida
birlashtirdi.
“Fikr ber!”
loyihasining oʻziga xos jihati shundaki, unda yoshlar faqat tinglovchi emas,
balki muallif va tashabbuskor sifatida ishtirok etdi. Oromgoh doirasida autizm
spektridagi bolalar uchun kommunikatsiya tizimlarini yaratish, nogironligi
boʻlgan yoshlar uchun sunʼiy intellekt asosida taʼlim imkoniyatlarini
kengaytirish, inklyuziv turizmni rivojlantirish, koʻzi ojiz bolalar uchun
innovatsion taʼlim texnologiyalarini joriy etish, adaptiv kiyim-kechaklar
ishlab chiqish kabi oʻnlab loyihalar taqdim etildi. Ushbu tashabbuslar yoshlarning
jamiyatdagi muammolarni chuqur his etayotgani va ularni hal etishga tayyor
ekanini yaqqol namoyon etdi.
Eng muhimi, bu
loyihalar faqat gʻoya sifatida qolib ketmadi. Ularning aksariyatiga amaliy
tavsiyalar berildi, ayrimlari esa Ijtimoiy himoya milliy agentligi va hamkor
tashkilotlar tomonidan qoʻllab-quvvatlanishi maʼlum qilindi. Bu esa yoshlarning
ovozi eshitilayotgani, ularning fikri real qarorlar va amaliy harakatlarga
aylanayotganining yaqqol isbotidir.
Globallashuv
davrida inklyuziya masalalari bir mamlakat chegarasida hal etiladigan jihat
emas. Shu bois, loyiha doirasida 8 davlat yoshlarini birlashtiruvchi Xalqaro
inklyuziv yoshlar qoʻmitasi tashkil etilgani alohida ahamiyatga ega boʻldi.
Mazkur tuzilma yoshlar tashabbuslarini xalqaro miqyosda qoʻllab-quvvatlash,
taʼlim va raqamli inklyuziya boʻyicha qoʻshma loyihalarni amalga oshirish, nogironligi
boʻlgan yoshlarning imkoniyatini kengaytirishga xizmat qiladi.
Inklyuziv jamiyat
qurishda volontyorlik harakati ham muhim oʻrin tutadi. Samarqand shahrida
oʻtkazilgan “Chegarasiz volontyorlik: tajriba, hamkorlik va yangi tashabbuslar”
xalqaro muloqot maydonida volontyorlik sohasida ilgʻor tajribalar muhokama
qilinib, Markaziy Osiyo va Ozarbayjon Xalqaro volontyorlar akademiyasini
tashkil etish boʻyicha memorandum imzolandi. Ushbu akademiya yoshlarning bilim
va koʻnikmalarini boyitish, tajriba almashish, inklyuziv volontyorlikni
rivojlantirish va yangi xalqaro loyihalarni amalga oshirish uchun muhim
maydonga aylanishi kutilmoqda.
Zero, ezgulik
madaniyati hayotimizning ajralmas qismiga aylanishi, koʻmak berishga intilish
esa har bir fuqaroning ongli tanloviga aylanishi zarur. Bu gʻoya aslida inklyuziv
jamiyatning bosh tamoyilidir. Chunki inklyuziya faqat infratuzilma yoki
qonunchilik emas, avvalo, insonlarning dunyoqarashi, bir-biriga hurmati va
hamjihatligi.
Bugun yoshlar
ilgari surayotgan tashabbuslar ular inklyuziv jamiyatni tasavvur qilish barobarida
uni amalda yaratishga ham tayyor ekanini koʻrsatmoqda. Ularning loyihalari,
volontyorlik faoliyati va xalqaro hamkorlikka intilishi yangi Oʻzbekiston
taraqqiyotining muhim omiliga aylanmoqda. Shunday ekan, inklyuziv jamiyat
qurish yoʻlidagi eng muhim vazifalardan biri yoshlarning fikrini eshitish,
ularning tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash va qarorlar qabul qilish jarayoniga
faol jalb etishdir. Zero, bugungi yoshlarning ovozi — ertangi yangi Oʻzbekistonning
taraqqiyot strategiyasi.
Azizxon BAHODIROV,
Ijtimoiy himoya
milliy agentligi
bosh mutaxassisi