BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan hamkorlikda “Inklyuziv qishloq xoʻjaligi siyosatini amalga oshirishni qoʻllab-quvvatlash” loyihasi doirasida mamlakat agrosanoat majmuasi vakillari uchun ikkinchi seminar-treningni tashkil etdi. Ishtirokchilarning gender omili va “hech kimni ortda qoldirmaslik” tamoyilini hisobga olgan holda qarorlarni shakllantirish va chora-tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha salohiyatini oshirish seminarning asosiy maqsadi hisoblanadi.
Oʻzbekiston 2019-yilda “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisida” gi qonunni qabul qilgan edi. Oʻz navbatida, ushbu qonun iqtisodiyotning har bir sohasida, shu jumladan, qishloq va oʻrmon xoʻjaligida gender masalalarini hisobga oluvchi strategiya va tadbirlar rejasini ishlab chiqishni talab qiladi. Oʻzbekistonda mamlakat yalpi ichki mahsulotining (YAIM) 32 foizi qishloq xoʻjaligi hissasiga toʻgʻri keladi hamda soha ishchi kuchlariining kamida 27 foizining bandligini taʼminlaydi. Aholining deyarli yarmi qishloqlarda yashaydi, bu esa qishloq ayollarining huquq va imkoniyatlarini yana-da kengaytirishni dolzarb masalaga aylantiradi. FAO Qishloq xoʻjaligi vazirligi va mamlakat agrosanoat majmuasi bilan bogʻliq boʻlgan boshqa tashkilotlarga ijtimoiy zaif guruhlar, ayniqsa, qishloq ayollarining manfaatlari hamda ehtiyojlarini hisobga olgan holda chora-tadbirlar va yechimlarni ishlab chiqish va amalga oshirish salohiyatini rivojlantirish va kuchaytirishda yordam beradi.
Loyiha Oʻzbekiston “Agrar soha ayollari” uyushmasi ishtirokida amalga oshiriladi. Seminar ishtirokchilari qishloq xoʻjaligida gender yondashuvlarining asoslari, gender masalalariga oid Oʻzbekiston milliy qonunchiligi, Oʻzbekiston aholisining oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash va qishloq xoʻjaligini rivojlantirishda xotin-qizlarning roli va boshqa mavzular bilan tanishdilar.
Taʼkidlash joziki, bugungi kunda xotin-qizlar iqtisodiyotning turli tarmoqlari kabi qishloq xoʻjaligida ham samarali mehnat qilib kelmoqdalar. Respublikamizda xotin-qizlarni xar tomonlama qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan mustahkam huquqiy baza yaratilib, bugungi kungacha 2 ta qonun va bir qator qarorlar qabul qilingan.
Oʻzbekiston Prezidenti Sh.Mirziyoyevning BMTning Inson huquqlari boʻyicha 46 sessiyasidagi soʻzlagan nutqida ham gender siyosati masalalari borasida mamlakatning ijtimoiy-siyosiy hayotida va ishbilarmonlik sohasida ayollarning rolini tubdan oshirish masalalari alohida eʼtirof etildi.
FAOning “Inklyuziv qishloq xoʻjaligi siyosatini amalga oshirishni qoʻllab-quvvatlash” loyihasi doirasida Qishloq xoʻjaligi vazirligi, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa idoralarda ishlaydigan 250 dan ortiq ayollar va erkaklar gender tengligi tushunchalari hamda ularning qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat xavfsizligi bilan bogʻliqligi, Barqaror rivojlanish maqsadlari va “hech kimni ortda qoldirmaslik” tamoyilini yaxshiroq oʻrganish boʻyicha treninglardan oʻtishlari kutilmoqda. Shuningdek, loyiha doirasida uslubiy qoʻllanmalar, tarmoq strategiyasi va harakatlar rejasi ishlab chiqiladi.
Seminar ishtirokchilari bugungi kundagi eng muhim maʼlumotlar va tarqatma materiallari bilan taʼminlandi. Seminarni professor va malakali halqaro maqomdagi trenerlar olib bordilar.
Dastlab Gender tengligi tushunchasi, Gender tengligi boʻyicha halqaro va milliy siyosatning asosiy yoʻnalishlari va Qishloq xoʻjaligida gender yondoshuvining oʻziga xos xususiyatlari haqida fikr almashildi. Shuningdek, “Xotin-qizlarni va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisida”, “Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonunlari hamda qonunosti normativ xujjatlar toʻgʻrisida, gender tenglikni taʼminlash borasidagi davlat siyosati, vakolatli organlar va tashkilotlarning vazifalari hamda bugungi kunda davlatda gender tenglikni taʼminlashga doir tizim toʻgʻrisida maʼlumot beriladi.
Seminar trening ishtirokchilari muhim maʼlumotlarga ega boʻlish barobarida, oʻz faoliyati davomida oʻrgangan tajribalardan foydalanish koʻnikmalariga ham ega boʻlishdi.
Xususan, Qishloq xoʻjalik fanlari nomzodi, Oʻzbekiston “Agrar soha ayollari” uyushma raisi Adiba Axmedjanova respublikada qishloq xoʻjaligini rivojlantirish, mahsulot ishlab chiqarish va oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashda xotin-qizlarning ishtiroki, sohadagi xotin-qizlarni jamiyatda oʻrnini kuchaytirish, Qishloq xoʻjaligida gender tengsizlikni kamaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar xususida ishtirokchilarga keng qamrovli tushunchalar berdi.
Ikki kunlik seminar-tering soʻnngida Gender tengligi toʻgʻrisidagi bilim va koʻnikmalarni, qishloq xoʻjaligining turli yoʻnalishlarida joriy qilish boʻyicha ishtirokchilarning fikr va mulohazalarni oʻrganildi va xulosalalar berildi. Ishtirokchilarga sertifikatlar taqdim etildi.