Xususan, tadbirda savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, ijtimoiy, madaniy-gumanitar sohalarda xalqaro va tashqi iqtisodiy aloqalarni amalga oshirish boʻyicha bitimlar almashildi, shuningdek, Rossiyaning Omsk viloyati va Oʻzbekistonning Jizzax viloyati oʻrtasidagi hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha 2022-2023-yillarga moʻljallangan “yoʻl xaritasi” imzolandi.
Hujjatni Oʻzbekiston tomonidan Bosh vazir oʻrinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov, Rossiya tomonidan sanoat va savdo vaziri Denis Manturov imzoladi.
Ushbu hujjatlarni imzolash marosimida Jizzax viloyati hokimi Ergash Saliyev va Omsk viloyati hokimi Aleksandr Burkov ishtirok etdi.
“OʻZENERGOTAMIR” aksiyadorlik kompaniyasi Bosh direktori Joʻrabek Sohibov va “EKOLOS” kompaniyalar guruhi vitse-prezidenti Artyom Tonyan Oʻzbekistonda suv tozalash inshootlari va sanoat oqova suvlarini tozalash inshootlarini loyihalashtirish va qurish boʻyicha oʻzaro shartnomalani almashdilar.
Bundan tashqari, “Navroʻz-PTK” MCHJ bosh direktori Olim Rasulov va “Magnit” chakana savdo tarmogʻi bosh direktori Yan Dyunning oʻzaro tovarlarni sotish hajmini oshirish boʻyicha hamkorlik shartnomalarini almashdilar.
Toshkent toʻqimachilik va yengil sanoat instituti rektori Ilhom Sobirov, “Russkiye sezonы” MCHJ Bosh direktori Daria Matsiyevskaya va “Termopol” MCHJning rivojlanish boʻyicha direktori Vladislav Ivanov taʼlim va ilmiy tadqiqotlar, qoʻshma tadqiqotlar, texnik toʻqimachilik va toʻquv boʻlmagan mahsulotlarni ommalashtirish sohasida hamkorlik toʻgʻrisida Memorandumni imzoladilar.
Tadbirda Oʻzbekiston sogʻliqni saqlash vazirining birinchi oʻrinbosari Amrillo Inoyatov, “ZUMA PHARMA” MCHJ asoschisi Nodir Yunusov va “Gerofarm” MCHJ savdo direktori Vladimir Skornyakov insulin dorilarini ishlab chiqarish va yetkazib berish loyihasini ishlab chiqish boʻyicha amaliy chora-tadbirlarni boshlash toʻgʻrisidagi Memorandumni oʻzaro almashdilar.
Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika sanoatini rivojlantirish agentligi direktori Sardor Qoriyev va “Farmasintez” kompaniyalar guruhining MDH mamlakatlariga esport qilish boʻyicha direktori Yuriy Petrosyan oʻzaro hamkorlikda farmatsevtika korxonasini qurish loyihasini amalga oshirish boʻyicha imzolangan hamkorlik shartnomasi ham almashildi.