Innoprom-2022: sanoat sohasidagi kooperatsiya

    Raqamlashtirish 27 Aprel 2022 2315

    Xalqaro sanoat koʻrgazmasining dasturi alohida mavzularga bagʻishlangan munozaralar va natijadorligi yuqori boʻlgan tadbirlarga toʻla. “Sanoat sohasidagi kooperatsiya: raqamlashtirish, avtomatlashtirish va ilgʻor texnologiyalar” mavzusida boʻlib oʻtgan panel munozarasi ushbu tadbirlar qatoriga kiradi.

    Unda Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi oʻrinbosari A.Voitov, shuningdek, koʻrgazmada ishtirok etayotgan mamlakatlar rasmiylari va hududlarining rahbarlari qatnashdi.

    Sessiya ishtirokchilarga sanoat kooperatsiyasi jarayonlarini raqamlashtirish sohasida tajriba almashish imkonini berdi. Maʼruzachilar koʻrgazma doirasida boʻlib oʻtayotgan panel munozaralari mamlakat ichida hamda butun mintaqa hududida kooperatsiya zanjirlarini yaratishga qaratilgan toʻgʻri iqtisodiy yoʻnalishga ega ekanligini taʼkidladilar.

    A.Voitovning nutqi davomida bugungi kunda raqamli platformalar davlatlar chegaralaridan oshib, turli mamlakatlardagi korxonalarni bir-biriga yaqinlashtirayotgani, ularga arzon narxlarda xom ashyo topish, yangi savdo bozorlarini kashf etish, texnologiyalar transferini osonlashtirish imkoniyatlarini taqdim etayotgani taʼkidlandi. Kelgusida axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan faol foydalanish, sheriklar topish, shartnomalar tuzish va shartnoma majburiyatlarini bajarishning barcha jarayonlarini raqamlashtirmasdan turib, kooperatsiya aloqalarini yanada rivojlantirish imkoni yoʻqligi taʼkidlandi. Ushbu vazifa yagona, ajralmas va ilgʻor xorijiy analoglardan kam boʻlmagan, sanoat kooperatsiyasining raqamli ekotizimini yaratishni talab qiladi. Oʻzbekistonda “cooperation.uz” elektron hamkorlik portali ushbu raqamli ekotizimning asosiy elementiga aylandi. Mazkur elektron savdo maydonchasi mahalliy ishlab chiqaruvchilar oʻrtasida sanoat kooperatsiyasini mustahkamlash va rivojlantirish, sanoat ishlab chiqarishini kengaytirish hamda kichik biznesni ishlab chiqarish faoliyatiga jalb etishga xizmat qilyapti.

    Soʻzga chiqqanlar oʻzaro tajriba va texnologik ishlanmalar almashish jarayoni Markaziy Osiyo iqtisodiyotlari va xalqlari oʻrtasidagi aloqalarni sezilarli darajada mustahkamlashini taʼkidladi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.

    Raqamli texnologiyalar mintaqa mamlakatlari kompaniyalariga biznesni oʻzaro manfaatli, hamkorlik munosabatlarini esa ishonchli va uzoq muddatli qilish imkonini beradi.