“Innoprom. Markaziy Osiyo” xalqaro sanoat koʻrgazmasida Fargʻona viloyati taqdimoti oʻtkazildi

    Xalqaro koʻrgazmaning biznes-anjumanida viloyatning ulkan iqtisodiy-investitsion va turistik salohiyati, amalga oshirilayotgan yirik loyihalar haqida batafsil maʼlumot berildi.

    Koʻrgazmada Oʻzbekiston, Rossiya, Belorus, Vengriya, Fransiya, Qozogʻiston va boshqa davlatlardan 700 dan oshiq ishlab chiqarish kompaniyalari va biznes delegatsiyalari hamda rasmiylar ishtirok etmoqda.

    Markaziy Osiyo” xalqaro sanoat koʻrgazmasining biznes dasturi doirasida tashkil etilgan “Hududiy sanoat siyosatini amalga oshirish va muvofiqlashtirish: hamkorlik formatlari, eng yaxshi amaliyotlar, davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash choralari” mavzusidagi ixtisoslashtirilgan sessiyada Fargʻona viloyati iqtisodiy-investitsion salohiyatining taqdimoti oʻtkazildi.

    Ishtirokchi davlatlar hududlari rahbarlari hamda ishbilarmonlari ishtirokida boʻlib oʻtgan ushbu sessiyada Fargʻona viloyatining texnologik oʻsish makoni sifatidagi istiqbollari yuqori baholandi.

    Bugun oʻz ishini yakunlaydigan “Innoprom. Markaziy Osiyo” koʻrgazmasidan koʻzlangan maqsad ham sanoat sohasidagi eng yangi texnologiyalar va ishlanmalarni targʻib qilish, yangi ishbilarmonlik aloqalarini oʻrnatish, bitimlar tuzish va natijada sanoat kooperatsiyasi boʻyicha yangi loyihalarni amalga oshirishdan iborat. Bu haqida Fargʻona viloyat hokimligi axborot xizmati xabar bermoqda.