Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligida O'zbekiston-Yaponiya yoshlar innovatsion markazi ilmiy-tadqiqot faoliyati salohiyatini kuchaytirish loyihasi bo'yicha Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) vakillari bilan uchrashuv bo'lib o'tdi.

Unda O'zbekiston-Yaponiya yoshlar innovatsion markazining 2019-yildan hozirgi vaqtga qadar faoliyati natijalari tahlil qilindi.

Shuningdek, Markaz tomonidan Yaponiyaning nufuzli universitetlariga magistratura va doktoranturaga o'qishga yuborilgan talaba va yosh tadqiqotchilarning ta'lim olishi masalalari muhokama qilindi.

Hamkorlik doirasida 2019-2024-yillarda Yaponiyaning nufuzli universitetlarida magistratura va doktoranturada o'qish uchun yuborilgan O'zbekiston fuqarolarining dastlabki 4 nafari magistratura bosqichini muvaffaqiyatli tamomlab kelganligi alohida qayd etildi.

O'qishni tamomlab qaytgan fuqarolarimizni O'zbekiston-Yaponiya yoshlar innovatsion markazida ilmiy tadqiqotlar olib borishga jalb qilish, ularni oliy ta'lim muassasalariga lavozimlarga ishga taklif qilish, tajribasi bilan talabalar va doktorantlarni tanishtirish bo'yicha takliflar bildirildi.

Shu bilan birga, markazda ilmiy laboratoriyalarni jihozlash ishlarini oxiriga etkazish, oliy ta'lim muassasalari talabalari va doktorantlarining ilmiy tadqiqotlari bo'yicha laboratoriya sinovlarini o'tkazishda markaz moddiy-texnik bazasidan foydalanish bo'yicha fikr almashildi, deb yozmoqda Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi matbuot xizmati.