Innovatsion rivojlanish vaziri “ACWA Power” kompaniyasi rahbari bilan uchrashdi

    Energetika 17 Noyabr 2022 1400

    Joriy yil 16-noyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov Saudiya Arabistonining “ACWA Power” kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abdulla Abunayyan, kompaniya vakillari Xossam Ahmed Xassanein, Brayan Garri Jinjell, Majid Mubashar Axmed hamda Alimardon Abdukarimov bilan uchrashuv oʻtkazdi.

    Uchrashuvda “ACWA Power” kompaniyasi vakillari tomonidan kompaniya tashabbusi bilan Sirdaryo viloyatida tashkil etilgan va hozirda 4 ta yoʻnalish boʻyicha 246 nafar yoshlarga taʼlim berib kelayotgan Shirin energetika kolleji (“Shirin energy college”) faoliyatining taqdimoti boʻlib oʻtdi.

    Shuningdek, uchrashuvda kompaniya tomonidan Oʻzbekistonda muqobil energiya manbalarini, xususan, shamol va yashil vodorod sohalari rivojlantirish maqsadida Shirin energetika kollejida mazkur yoʻnalishlarda taʼlim dasturlari yoʻlga qoʻyilishi maʼlum qilindi.

    Kompaniya vakillari tomonidan Shirin energetika kolleji, Qayta tiklanuvchi energiya manbalari milliy ilmiy-tadqiqot instituti va Mendeleyev nomidagi Rossiya kimyo-texnologiya universitetining Toshkent shahridagi filiali bilan hamkorlikda vodorod energetikasi boʻyicha olib borilishi rejalashtirilgan ilmiy-tadqiqotlar hamda loyihalar tanishtirildi.

    “ACWA Power” kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abdulla Abunayyan “Vodorod energiyasi asosida ishlovchi avtobus” pilot loyihasi hamda Shirin energetika kollejida tahsil olayotgan, shuningdek, vazirlik tomonidan hududlarda tashkil etilgan “TechnoWays” marafonida 2-oʻrinni egallagan yosh ixtirochining energetika boʻyicha innovatsion loyihasini joriy etish boʻyicha hamkorlik qilish masalalari muhokama etildi.

    Uchrashuv soʻngida tomonlar vodorod energiyasi boʻyicha hamkorlikni kengaytirishga kelishdilar hamda yosh ixtirochining energetika boʻyicha innovatsion loyihasini moliyalashtirish masalalarini oʻrganib chiqish va birgalikda joriy etish ishlarni amalga oshirishga kelishib oldilar, deb xabar beradi Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati.