Onlayn uchrashuvda, shuningdek, AQSH elchisining birinchi kotibi Jeff Kramb hamda Innovatsion rivojlanish vazirligi masʼul xodimlari ishtirok etdi.
Yigʻilishda qator masalalar keng muhokama qilindi. Xususan, Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda AQSHning Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) bilan ilmiy-texnik axborot almashish, ilmiy-amaliy tadbirlar oʻtkazish masalasi boʻyicha fikrlar almashildi. Hozirda Innovatsion rivojlanish vazirligida olimlar uchun akademik ingliz tili kurslari tashkil etilgan boʻlib, bu olimlarga Web of Science, Scopus, Springer, Wiley kabi xalqaro ilmiy-texnik maʼlumotlar bazalaridan foydalanish hamda xalqaro ilmiy grantlarni jalb qilish imkonini beradi.
Mazkur loyiha doirasida, AQSHning Oʻzbekistondagi elchixonasi bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, yosh olimlarning tadqiqotlari uchun xorijiy grant mablagʻlarini yoʻnaltirish, ilmiy tadqiqotlar natijalarini tijoratlashtirish va tadqiqotchilarning malakasini oshirishga qaratilgan oʻquv kurslari faoliyatini kengaytirish hamda takomillashtirish lozimligi taʼkidlandi.
AQSHning Oʻzbekistondagi elchixonasi koʻmagida Ilgʻor texnologiyalar markazida yosh boshlangʻich kompaniyalar uchun ilmiy rivojlanish bilan bogʻliq Mintaqaviy Startap Trening GIST (Fan va texnologiyalar orqali global innovatsiya) dasturi oʻtkazilgani haqida gapirilib, yurtimizda amalga oshiriladigan taʼlim dasturlariga Qoʻshma Shtatlardan murabbiylar sifatida tadbirkorlik, venchur fondlar, innovatsiyalarni boshqarish sohasidagi mutaxassislarni jalb qilish boʻyicha takliflar berildi.
Innovatsion rivojlanish vaziri hududiy innovatsion markazlarni rivojlantirish uchun hududlardan AQSH mutaxassislari ishtirokida treninglar, seminarlar oʻtkazish, iqtisodiyotni qoʻllab-quvvatlash uchun hududiy ahamiyatga ega texnologiyalar transferini amalga oshirish, innovatsion, xususan ekologiya bilan bogʻliq loyihalarni qoʻllab-quvvatlash masalalarini koʻtardi va shu sohalarda hamkorlik takliflari bilan chiqdi.
Tomonlar milliy maqsadlardan kelib chiqqan holda AQSH tajribasiga asoslanib innovatsion ekotizim infratuzilmasini takomillashtirish boʻyicha muzokaralar olib bordilar.