Innovatsion rivojlanish vaziri BMT Yevropa iqtisodiyot komissiyasi ijrochi kotibi bilan uchrashdi

    Xalqaro hamkorlik 16 Iyul 2021 620

    15-iyulda Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov BMT Yevropa iqtisodiyot komissiyasi ijrochi kotibi O. Algayerova bilan uchrashdi.

    Uchrashuvda tomonlar ilm-fan va innovatsiyalar sohasida ikki tomonlama keng qamrovli hamkorlikni mustahkamlash masalalarini muhokama qildilar.

    O. Algayerova Oʻzbekistonda soʻnggi yillarda ilm-fan, texnologiyalar va innovatsiyalar sohasida olib borilayotgan islohotlarga yuqori baho berib, oxirgi uch yilda katta natijalarga erishilganini qayd etdi.

    Uchrashuvda, shuningdek, Orolboʻyi hududidagi ekologik fojiaga alohida eʼtibor qaratilib, vaziyatni ijobiy tomonga oʻzgartirish boʻyicha amaliy choralar koʻrish zarurati haqida fikrlar almashildi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ilgari surgan BMT Bosh Assambleyasining Orolboʻyi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasi deb eʼlon qilish toʻgʻrisidagi maxsus rezolyutsiyasi doirasida xalqaro muloqotni yana-da kuchaytirish boʻyicha kelishuvga erishildi.

    Uchrashuv davomida tomonlar innovatsion rivojlanish, innovatsion tizimlarning joriy holatini kompleks baholash hamda innovatsion siyosatni takomillashtirish boʻyicha tavsiyalar va chora-tadbirlar ishlab chiqish boʻyicha “Oʻzbekiston barqaror rivojlanishi uchun innovatsiyalar” loyihasini muhokama qildilar.

    Xalqaro tajribadan kelib chiqqan holda Oʻzbekistonda innovatsiya va tizimni takomillashtirish sohasidagi hamkorlikni yana-da kuchaytirish imkoniyatlari va istiqbollari koʻrib chiqildi. Xususan, Markaziy Osiyodagi innovatsion siyosatning hududlar kesimida tahlilini qilish, innovatsiya va raqobatbardoshlik boʻyicha amaliy seminarlar oʻtkazish, shuningdek innovatsiya va texnologik rivojlanish sohasidagi milliy normativ-huquqiy bazani BMT Yevropa iqtisodiyot komissiyasi yordamida mustahkamlash masalalari koʻrib chiqildi.

    Uchrashuv natijalariga koʻra tomonlar hamkorlikning yangi yoʻnalishlarini aniqlash maqsadida aloqalarni mustahkamlashga kelishib oldilar. Xususan, mahsulotlarning kelib chiqishini hamda ishlab chiqarish va bozorga yetkazib berish bosqichlarini nazorat qilishning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish orqali oziq-ovqat va tekstil sanoatining rivojlanishiga turtki berish zarurligi qayd etildi. Bundan tashqari, vodorod dvigatelida ishlaydigan hamda haydovchisiz avtomobillardan foydalanishga qaratilgan Oʻzbekiston transportining yangi sohasini joriy etish boʻyicha normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish boʻyicha keyingi muzokaralarni oʻtkazishga kelishildi, deb xabar beradi Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati.