Insekt allergiya: Qaysi hasharotlar inson salomatligi uchun xavf soladi?

    Salomatlik 11 Iyul 2022 10066

    Ilmira Razikova, Respublika ilmiy ixtisoslashtirilgan allergologiya markazi direktori, tibbiyot fanlari doktori, professor:

    — Kishi organizmiga suvaraklar, gijjalar tushganda va chumolilar chaqqan paytlarda ham allergik reaksiyalar kuzatiladi. Allergik reaksiyalar koʻpincha sariq chumolilar chaqishidan yuzaga keladi: bitta chumoli chaqqanda qavarchiqlar va angionevrotik shish paydo boʻladi.

    Ular tez sodir boladigan, sekin-asta sodir boʻladigan va kechki reaksiyalar tipida rivojlanishi mumkin. Bir necha chumolining birdaniga chaqishi bronxial astma xuruji va hatto anafilaktik shokni keltirib chiqarishi mumkin. Qon soʻruvchi hasharotlar (chivinlar, kanalar, burgalar) chaqqanda kishi organizmiga hasharot soʻlagi tushadi. Uning tarkibida esa zaharli moddalar bilan bir qatorda allergik reaksiyalarni keltirib chiqaruvchi moddalar ham bor.

    Chivin chaqishi natijasida tez sodir boʻladigan va sekin-asta sodir boʻladigan reaksiyalar yuz berishi mumkin. Uy pashshalari ham Ye immunoglobulini bilan bogʻliq allergik reaksiyalarni keltirib chiqarishi mumkin. Suvaraklarga nisbatan allergik reaksiyalar koʻpincha allergik dermatozlar, qavarchiqlar, rinitlar, bronxial astma koʻrinishida yuzaga keladi.

    Suvarak allergenlari uy changida boʻlishi va nafas yoʻllarining allergik kasalliklari rivojlanishiga turtki boʻladi. Allergenlarning manbai — bu nobud boʻlgan suvaraklar tana qismlari, soʻlagi, axlati boʻlishi ham mumkin.