Vatanimiz istiqloli, xalqimiz ozodligi, kelajak avlodlarning farovon ertasi yoʻlida jonini fido qilgan millat fidoyilari — qatagʻon qurbonlari xotirasini abadiylashtirish borasida yurtimizda qator ezgu ishlar amalga oshirilyapti. Ularning ramziy siymolari yaratilayotgani, qatogʻon qurbonlariga atab muzeylar barpo etilayotgani, qolaversa, ijod maktablari tashkil etilayotgani fikrimiz dalilidir.
Bu ishlarning ne chogʻli ahamiyatli ekanini esa davlatimiz rahbari joriy yil 31-avgust kuni “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmuasiga qilgan tashrifi chogʻida juda chuqur asoslab berdi. Shuningdek, prezidentmizning joriy yilning 8-oktyabr kuni «Qatagʻon qurbonlarining merosini yana-da chuqur oʻrganish, va ular xotirasini abadiylashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi Farmoyishida bu borada amalga oshirilishi zarur boʻlgan vazifalar aniq belgilab berilgan.
Farmoyishda nazarda tutilgan chora-tadbirlar ijrosini oʻz vaqtida taʼminlash yuzasidan Respublika ishchi guruhining ish rejasi ishlab chiqilib, ushbu ishchi guruh aʼzolari hududlarga ham biriktirilgan, qatagʻon qurbonlarini nomma-nom aniqlash maqsadida hududlarda ham ilmiy ishchi guruhlar tuzilgan edi. Ularga 200 dan ortiq tuman va shaharlardagi Nuroniylar jamoatchilik kengashlarining, mahallalardagi “Keksalar maslahati” guruhining 10 mingga yaqin aʼzolari biriktirildi.
Bu boradagi ishlar koʻlamini yana-da kengaytirish maqsadida esa Qatagʻon qurbonlari xotirasi davlat muzeyi hamda hududlardagi oliy taʼlim muassasalaridagi muzeylar ilmiy xodimlariga Vazirlik va idoraning arxivlaridan foydalanish imkoniyati yaratildi. Imkoniyatdan foydalanib olib borilgan saʼy-harakatlar natijasida 2500 ming nafarga yaqin qatagʻon qurbonlarining nomlari aniqlandi. Qatagʻon qurbonlari boʻlgan chet eldagi vatandoshlarimiz bilan bogʻliq manbalarni topib, oʻrganish maqsadida 20 ga yaqin turli xorijiy davlatlardagi arxiv, muzey, kutubxona va boshqa ilmiy-maʼrifiy muassasalar bilan hamkorlik oʻrnatish borasida tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida boʻlib oʻtgan yigʻilishda Farmoyish asosida tasdiqlangan “yoʻl xaritasi”da koʻrsatilgan ishlarni tashkil etish va muvofiqlashtirish masalalari koʻrib chiqildi. Ayniqsa, oliy taʼlim, xalq taʼlimi tizimida bu borada jiddiy amaliy ishlar olib borilishi, umumtaʼlim maktablarida qatagʻon qurbonlari burchaklari tashkil etilishi, ularning qanday davriylik asosida boʻlishi yuzasidan oʻzaro fikr almashildi.
Tadbirda shuningdek, tashkiliy-amaliy tadbirlarning ijrosi, joylardagi ilmiy-ishchi guruhlar faoliyatini muvofiqlashtirish, qatagʻon qurbonlari hayoti va faoliyatini oʻrganish boʻyicha ilmiy tadqiqot ishlari, ularning ibratli faoliyatini targʻib etish kabi yoʻnalishlar boʻyicha masʼullarning hisobotlari tinglanib, qizgʻin muhokama etildi. Hududlardagi ilmiy ishchi guruhlar rahbarlarining ham axborotlari, fikr-mulohazalari eshitildi.
Yigʻilish yakunida yuqoridagi Farmoyishda belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash yuzasidan qoʻshimcha chora-tadbirlar, bu boʻyicha keng jamoatchilik fikrini oʻrganish, ishchi guruhlar faoliyatiga koʻmaklashish, “Inson aziz — xotira muqaddas” gʻoyasi asosida tumanlar va shaharlarda, mahallalarda mustaqillik va adolat tantanasi uchun kurashgan fidoyi ota-bobolarimizning ibratli hayotini targʻib etish boʻyicha vazifalar belgilab olindi.