Inson aʼzolari donorligiga qaysi kasalliklarda ruxsat etilmaydi?

    Adliya vazirligi tomonidan Inson aʼzolari va (yoki) toʻqimalari donorligiga qarshi koʻrsatma boʻladigan kasalliklar roʻyxati davlat roʻyxatidan oʻtkazildi.

    Roʻyxatda tirik donor uchun transplantatsiya obyektlari buyrak, jigar va jigar boʻlagi hamda gematopoetik suyak koʻmigining oʻzak hujayralari transplantatsiyasiga qarshi koʻrsatma boʻladigan kasalliklar nazarda tutilgan kasalliklar bor.

    Bunga OIV/OITS, narkomaniya, toksikomaniya, alkogolizm, morbid semizlik, arterial gipertenziya II-III darajasi, surunkali buyrak kasalligi II-III-IV-V bosqichi, qandli diabet, ikki tomonlama siydik tosh kasalligi, xavfli oʻsma kasalliklari kabilar kiradi.

    Shuningdek, inson murdasi uchun transplantatsiya obyektlari buyrak, jigar va jigar boʻlagi, tomirlar (yirik tomirlar qismlari) va koʻz shox pardasi hamda uning qismlari transplantatsiyasiga qarshi koʻrsatma boʻladigan kasalliklar belgilangan.

    Bular sirasiga OIV/OITS, tuberkulyoz, sepsis, zamburugʻli kasalliklar, TORCH infeksiyasi ((IgM pozitiv), oʻta xavfli infeksion kasalliklar, xavfli oʻsma kasalliklari kabilar kiradi.