Unga ko'ra, inson a'zolari va to'qimalarini olish hamda ularning transplantatsiyasi davlat sog'liqni saqlash tizimining tibbiyot muassasalari tomonidan amalga oshiriladi, ushbu muassasalarning ro'yxati Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Inson a'zolarini va (yoki) to'qimalarini retsipientlarga transplantatsiya qilish inson a'zolarining va (yoki) to'qimalarining transplantatsiyasi zarurligi to'g'risidagi tibbiy xulosa asosida amalga oshiriladi.
Transplantatsiya retsipientning yozma roziligi bilan amalga oshiriladi.
Qonunga ko'ra, inson a'zolarini va (yoki) to'qimalarini uning murdasidan olishga uning tiriklik chog'idagi notarial tartibda tasdiqlangan yozma roziligi mavjud bo'lgan taqdirda yo'l qo'yiladi.
Tirik donorni undan a'zosini va (yoki) to'qimalarini olish uchun rozilik berishga majburlash taqiqlanadi.
Quyidagilarga nisbatan inson a'zolarini va (yoki) to'qimalarini olishga yo'l qo'yilmaydi:
18 yoshga to'lmagan shaxslarga (bundan suyak iligini transplantatsiya qilish hollari mustasno);
belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz deb topilgan shaxslarga, shuningdek ruhiy holatning buzilishlariga (ruhiy kasalliklarga) chalingan shaxslarga;
qamoqda yoki ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslarga;
I va II guruh nogironligi bo'lgan shaxslarga;
homilador ayollarga;
shaxsi aniqlanmagan shaxslarga;
muayyan yashash joyi bo'lmagan shaxslarga;
"Mehribonlik", "Saxovat" va "Muruvvat" uylarida yashovchi shaxslarga;
a'zosi va (yoki) to'qimalari ilgari transplantatsiya uchun olingan shaxslarga.
O'zbekiston fuqarosi chet davlat fuqarosi bo'lgan retsipient uchun donor bo'lishi mumkin emas.
Transplantatsiya qilinadigan inson a'zolarini va (yoki) to'qimalarini O'zbekistondan tashqariga olib chiqish taqiqlanadi.
Inson a'zolaridan va (yoki) to'qimalaridan foydalanish ustidan nazoratni amalga oshirish, shuningdek transplantatsiyaga muhtoj shaxslarga tezkor tibbiy yordam ko'rsatish maqsadida Donorlarning, retsipientlarning, shuningdek inson a'zolarining va (yoki) to'qimalarining yagona davlat reestri tashkil etiladi.
Yаgona davlat reestrida:
a'zolarning va (yoki) to'qimalarning potentsial retsipientlari;
o'ziga nisbatan a'zolar (a'zoning bir qismi) va (yoki) to'qimalarning transplantatsiyasi bajarilgan retsipientlar;
o'zidan a'zolar va (yoki) to'qimalar olinishiga notarial tartibda tasdiqlangan yozma rozilik bergan tirik donorlar;
o'zining biologik o'limi yuz berishi fakti aniqlanganidan keyin o'z tanasidan (tanasining qoldiqlaridan) a'zolar va (yoki) to'qimalar olinishiga tiriklik chog'ida notarial tartibda tasdiqlangan yozma rozilik bergan shaxslar;
o'zidan transplantatsiya uchun a'zolar va (yoki) to'qimalar olingan donorlar to'g'risidagi ma'lumotlar ko'rsatilgan bo'lishi kerak.
Yаgona davlat reestrida saqlanadigan ma'lumotlar shifokor siridir.
Ushbu Qonun rasmiy e'lon qilingan kundan e'tiboran kuchga kiradi, deya xabar bermoqda Huquqiy axborot telegram kanali.