Taʼkidlanganidek, “Inson aʼzolari va toʻqimalarining transplantatsiyasi toʻgʻrisida”gi Qonunni amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi”ning ijrosi yuzasidan muayyan ishlar amalga oshirilgan.
Majlisda senatorlar tomonidan Qonunni amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi”da belgilangan ayrim vazifalar bajarilmaganiga ham eʼtibor qaratildi.
Jumladan, hududlarda donor va retsipiyentlarni transplantatsiyaga tayyorlash hamda undan keyingi davolanishni va kuzatuvni olib boradigan masʼul shaxs va tibbiy psixolog uchun ish stavkasi ajratilmagan. Hududlarda donor va retsipiyentlarni transplantatsiyaga tayyorlash hamda undan keyingi davolanishi uchun amaldagi oʻrinlar doirasida shifo-oʻrinlar koykalar (kamida – 10 ta) byudjet hisobidan ajratish masalasi hal qilinmagan.
Onkogematologik va davolash qiyin boʻlgan kasalliklarga chalingan bemorlarni sogʻlomlashtirishga koʻmaklashish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan maxsus amaliyot kompleks binosini qurish va jihozlash ishlari yakuniga yetkazilmagan.
Shuningdek, oliy tibbiy taʼlim muassasalari talabalariga murda bilan ishlashga ruxsat berish boʻyicha aniq choralar belgilanmagan.
Inson aʼzolari transplantatsiyasi sohasini takomillashtirish yuzasidan masʼul vazirlik va idoralar rahbarlarining axborotlari ham eshitildi. Senatorlar tomonidan sohada mavjud muammolarni bartaraf etish boʻyicha taklif va tavsiyalar bildirildi.
Majlis yakunida Qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.