Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, muqaddam bezorilik jinoyati uchun sudlangan 37 yoshli erkak turmush oʻrtogʻi bilan “oson pul topish” maqsadida ijtimoiy tarmoqlar orqali insonlarda rahm-shafqat uygʻotuvchi videolar tarqatgan. Ular shu yoʻl bilan fuqarolarni oʻz aʼzolarini sotishga undab kelgan.
Tezkor tadbirlar davomida gumonlanuvchi donorlarni operatsiya qilish uchun Dushanbe shahridagi “Istiqlol” klinikasiga yuborishni yoʻlga qoʻygani aniqlangan. Shuningdek, u oʻziga ham buyrak koʻchirish operatsiyasini amalga oshirgani va bu jarayonda yordam bergan shaxslar borligi maʼlum boʻlgan.
Qoʻshimcha qilinishicha, mazkur faoliyatda Telegram, Instagram va YouTube tarmoqlarida kanal yurituvchi shaxs ham ishtirok etgan. Ular donor va mijozlarni topishda vositachilik qilgan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 133−1-moddasi 2-qismi (Inson aʼzolarining yoki toʻqimalarining oldi-sotdisi) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, gumonlanuvchilarga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qoʻllangan.
IIV inson aʼzolari transplantatsiyasi faqat qonun doirasida va belgilangan tartibda amalga oshirilishi shartligini, sogʻliq bilan bogʻliq har qanday noqonuniy kelishuv ogʻir jinoiy javobgarlikka sabab boʻlishini eslatdi.