Bildirilgan takliflar asosida senatorlar tomonidan tegishli vazirlik va idoralar hamda mahalliy kengashlarning doimiy komissiyalari bilan birgalikda Qonunning samarali ijrosini taʼminlash boʻyicha “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqildi.
“Yoʻl xaritasi”da transplantatsiya jarayonlarini sifatli amalga oshirilishi uchun zarur boʻlgan qonunosti hujjatlarni ishlab chiqish, ushbu xizmatni aholiga yaqinlashtirish va barcha hududlarda buyrak transplantatsiyasi amaliyotini yoʻlga qoʻyish, tegishli davlat tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini yaxshilash hamda yuqori malakali tibbiyot kadrlarni tayyorlash kabi yoʻnalishlar qamrab olingan.
Qonun qabul qilingandan soʻng “Yoʻl xaritasi”da belgilangan vazifalar ijrosi senatorlar tomonidan joylarda doimiy ravishda nazorat etib boriladi.
Mazkur Qonun qabul qilinishi bilan sohaning normativ-huquqiy bazasini takomillashtirishga, aholining huquqiy va ijtimoiy-iqtisodiy himoyasiga qaratilgan davlat siyosatini amaldagi qonunchilik asoslari bilan toʻldirishga imkoniyat yaratiladi.
Shuningdek, Qonun kasallanish va inson aʼzolaridagi qaytarib boʻlmaydigan jarayonlar tufayli oʻlimga olib keluvchi holatlarni qisqartirishga xizmat qiladi.
Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.