2022-yil 9-noyabrda Inson huquqlari va manfaatlarini taʼminlash ishlarini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan yana bir muhim tadbir — Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (Ombudsman) oʻrtasida Hamkorlik memorandumini imzolashga bagʻishlangan anjuman boʻlib oʻtdi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (Ombudsman) hamda Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining asosiy maqsad va vazifalari fuqarolar, shu jumladan, mehnatkashlarning ijtimoiy-iqtisodiy huquq va manfaatlarini himoya qilishdan iboratdir. Shu maʼnoda, ikkala tashkilot oʻrtasida hamkorlik memorandumining imzolanishi soʻzsiz, inson huquq va manfaatlarini taʼminlash yoʻnalishidagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqadi.
Zero, hamkorlikdan koʻzlangan maqsad ham mehnatkashlarning huquq va erkinliklari samaradorligini oshirish va mehnat huquqlari poymol etilishining oldini olishga qaratilgan.
Oʻtgan besh yil davomida Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasiga mehnatkashlardan 24 mingdan ortiq murojaat kelgan boʻlsa, ularning 18 ming 359 tasi qanoatlantirildi. Natijada xodimlarga oʻz vaqtida toʻlanmagan 14 milliard soʻmdan ortiq ish haqi hamda 9 milliard soʻmdan ortiq moddiy va maʼnaviy zararlar undirilib berilishiga erishildi.
Taʼkidlash lozimki, Ombudsman tomonidan joriy yilning 9 oyli davomida fuqarolarning manfaatlari va majburiyatlardan, jumladan, qarzdorligi, sogʻligʻiga yetkazilgan zararlar, moddiy va maʼnaviy zararlar hamda boshqa majburiy toʻlovlar oqibatida yuzaga kelgan huquqiy munosabatlar bilan bogʻliq murojaatlar oʻrganilishi natijasida jami 338 million soʻmdan ortiq mablagʻlar fuqarolar foydasiga undirilgan.
Bundan tashqari 40 million soʻmdan ortiq aliment toʻlovlari undirilishi taʼminlangan.
Fuqarolarning ish haqi va mehnat munosabatlari bilan bogʻliq toʻlovlar boʻyicha undirilgan jami summa – 219 million 760 ming soʻmni tashkil etadi. Shuningdek, 9 nafar fuqaro ishga tiklangan, 2 nafar fuqaro ish bilan taʼminlangan.
Shuningdek, Ombudsman tomonidan fuqarolik ishlari boʻyicha hamda maʼmuriy sudlariga fuqarolar manfaatini koʻzlab kiritilgan ariza va daʼvo arizalarining koʻrib chiqilishi natijasida 11 nafar fuqaroning zararli mehnat sharoitlarida ishlaganlik fakti belgilangan.
Tadbirda mazkur memorandum nafaqat markaziy tashkilotlar, balki Ombudsmanning viloyatlardagi mintaqaviy vakillari hamda Kasaba uyushmalari Federatsiyasining hududiy kengashlari oʻrtasida ham mustahkam hamkorlik aloqalarini oʻrnatishga va fuqarolarning ijtimoiy-iqtisodiy huquqlarini himoya qilishga xizmat qilishi qayd etildi.
Bundan kelib chiqqan holda Ombudsmanning mintaqaviy vakillari bilan Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining hududiy Kengashlari oʻrtasida ham shu kabi memorandumlar imzolanishiga kelishib olindi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati.