Maʼruza Inson huquqlari sohasidagi Jahon taʼlim dasturi beshinchi bosqichi uchun inson huquqlarining maqsadli sektorlari, asosiy sohalari yoki mavzuli masalalari yuzasidan davlatlar va boshqa manfaatdor tomonlar bildirgan fikrlarni oʻzida mujassam etgan.
Maʼlumki, 2004-yil 10-dekabrda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan Inson huquqlari sohasidagi Jahon taʼlim dasturi eʼlon qilingan. Bundan maqsad – barcha davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va biznes sektorida inson huquqlari sohasidagi taʼlim dasturlarini amalga oshirishga koʻmaklashishdir.
Hozirgi vaqtgacha ushbu Dasturning quyidagi uchta bosqichi amalga oshirildi:
birinchi bosqich: 2005-2009-yillar – maktablarda inson huquqlari sohasidagi taʼlim jarayonlarini qamradi;
ikkinchi bosqich: 2010-2014-yillar – oliy taʼlim tizimi, shuningdek oʻqituvchi-murabbiylar va davlat xizmatchilari uchun inson huquqlari sohasidagi taʼlimga bagʻishlandi;
uchinchi bosqich: 2015-2019-yillar – ommaviy axborot vositalari vakillariga inson huquqlari sohasida taʼlim berildi.
Oʻz navbatida, 2020-2024-yillarda Inson huquqlari sohasidagi Jahon taʼlim dasturining toʻrtinchi bosqichi bajarilyapti. Mazkur bosqich inson huquqlari sohasida taʼlim berish orqali yoshlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.
BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashining 2022-yil 6-oktyabrdagi Rezolyutsiyasida Inson huquqlari sohasidagi Jahon taʼlim dasturining toʻrtinchi bosqichini amalga oshirishga masʼul tegishli manfaatdor tomonlarning bu boradagi ijobiy tashabbuslari alohida taʼkidlandi. Shuningdek, Inson huquqlari sohasidagi Jahon taʼlim dasturining beshinchi bosqichida amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan takliflarni shakllantirish masalasi kun tartibiga qoʻyildi.
BMTning Inson huquqlari boʻyicha oliy komissari Boshqarmasiga BMTning barcha tuzilmalari, davlatlar, fuqarolik jamiyati institutlari va manfaatdor tomonlarning ayni mavzudagi fikr-mulohazalarini soʻrab olish tavsiya etildi. Shu munosabat bilan Oliy komissar Boshqarmasi 2023-yil 2-martda aʼzo-davlatlarga tegishli masalada oʻz fikrlarini bildirish va zarur materiallarni taqdim etishni soʻrab murojaat qildi. Oʻz navbatida, 2023-yil 1-mayda Oliy komissar Boshqarmasi veb-saytida bu haqda eʼlon berildi.
Shundan soʻng BMTning Inson huquqlari boʻyicha oliy komissari Boshqarmasiga 2023-yil 30-iyungacha boʻlgan davrda 15 ta davlat, 3 ta hukumatlararo tashkilot, Inson huquqlari boʻyicha kengashning 4 ta maxsus protsedurasi, 8 ta inson huquqlarini himoya qilish boʻyicha milliy institut, maʼruza taqdim etadigan va bu borada keyingi faoliyatni amalga oshiradigan 2 ta milliy mexanizm, 17 ta fuqarolik jamiyati instituti va 4 nafar alohida shaxs – jami 53 respondentdan 50 ta taqdimnoma kelib tushdi. Oliy komissar Boshqarmasining maʼruzasi ana shu takliflar negizida tayyorlangan.
BMT Inson huquqlari boʻyicha oliy komissari Boshqarmasining maʼruzasida oʻz takliflarini bergan respondentlar orasida Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi alohida taʼkidlangan. Maʼruzaning 43-bandida qayd etilganidek, Milliy markaz Jahon taʼlim dasturi beshinchi bosqichi boʻyicha inson huquqlarining quyidagi maqsadli sektorlariga oid takliflarni taqdim etgan:
- bolalar va yoshlarga oid – ular oʻzgarishlarning shijoatli davomchilariga aylanishlari mumkin;
- ayollar va qizlarga oid – ularning jamiyat hayotida toʻlaqonli ishtirok etishga boʻlgan huquqlarini roʻyobga chiqarish imkoniyatlarini kengaytirish lozim;
- jamiyatning zaif qatlamlari, jumladan, qochoqlar, migrantlar, nogironligi boʻlgan insonlarga oid – ular inson huquqlari sohasidagi taʼlimdan tom maʼnoda bahramand boʻlishlari uchun tegishli sharoitlarni yaratish kerak;
- fuqarolik jamiyati va jamoat tashkilotlariga oid – ularning inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi salohiyatini oshirish zarur;
- korxona va korporatsiyalarga oid – ularning ishchi-xodimlar va isteʼmolchilar huquqlarini hurmat qilishga qaratilgan axloqiy va ijtimoiy masʼuliyatini izchil ragʻbatlantirib borish taqozo etiladi.
Bundan tashqari, “Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi beshinchi bosqichda inson huquqlari sohasidagi taʼlimda raqamli davr afzalliklariga tayanishni, xususan, imkon qadar keng auditoriyani qamrab olishga va Internetda yolgʻon va nafrat ruhidagi maʼlumotlar tarqatilishi oqibatida kelib chiqadigan muammolarga samarali yechim topishga xizmat qiladigan texnologiyalardan foydalanishni taklif etgan”, deyiladi BMT Inson huquqlari boʻyicha oliy komissari Boshqarmasining maʼruzasida.
Oliy komissar Boshqarmasi maʼruzasining “Xulosalar” qismida bayon etilgan aksariyat bandlarda ham Oʻzbekiston tomoni taqdim etgan takliflar asosida muhim tavsiyalar berilgan. Jumladan, maʼruzaning yakuniy 74-bandida qayd etilishicha, Inson huquqlari sohasidagi Jahon taʼlim dasturi beshinchi bosqichining ustuvor maqsadli guruhlari – yoshlar va jamiyatning zaif qatlamlari hamda alohida shaxslar hisoblansa, asosiy ustuvor sohalar sifatida esa raqamli makon sharoitidagi inson huquqlari, ekologik huquqlar va iqlim oʻzgarishlari, shuningdek, gender tenglikka alohida eʼtibor qaratilishi mumkinligi taʼkidlangan.
Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi
Milliy markazining matbuot xizmati.