Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy strategiyasining qabul qilinganiga ikki yil toʻldi

    Voqea-hodisalar 24 Iyun 2022 2065

    Bundan ikki yil oldin Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 22-iyundagi Farmoni bilan 2020-2025-yillarga moʻljallangan Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi tasdiqlangan edi.

    Oʻtgan davr mobaynida Milliy strategiyani amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”ning jami 78 bandidan 60 band (76%) boʻyicha ishlar bajarildi, 18 bandni (24%) amalga oshirish boʻyicha ishlar davom etyapti.

    Milliy strategiyada inson huquqlarini himoya qilishning turli jihatlarini tartibga soluvchi jami 12 ta kodeks hamda 33 ta qonun va boshqa hujjatlarni qabul qilish nazarda tutilgan. Bugunga qadar 2 ta kodeks Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilinib, Senat tomonidan koʻrib chiqilyapti.

    Boshqa kodekslar loyihalari ham turli bosqichlarda muhokama jarayonidan oʻtkazilyapti. Qolaversa, 11 ta qonun, 10 ta farmon va qarorlar qabul qilindi. Shuningdek, Milliy strategiya tadbirlari doirasida inson huquqlari boʻyicha 3 ta xalqaro shartnoma ratifikatsiya qilindi.

    Milliy strategiya doirasida quyidagi maqsadlarga erishildi:

    birinchidan, inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarning toʻliq bajarilishiga erishilyapti;

    ikkinchidan, inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilishni taʼminlashga qaratilgan tashkiliy-huquqiy mexanizm yaratildi;

    uchinchidan, qonunchilikka va davlat organlari faoliyatiga inson huquq va erkinliklari sohasida xalqaro standartlarni joriy qilish samaradorligi oshdi;

    toʻrtinchidan, aholining inson huquqlari sohasidagi huquqiy savodxonligini oshirish, jumladan, bu borada samarali axborot va maʼrifat tarqatish, taʼlim berish faoliyati yaxshilandi;

    beshinchidan, inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar, xorijiy mamlakatlar milliy institutlari bilan hamkorlik yangi bosqichga koʻtarildi.

    Bugungi kunda konstitutsiyaviy islohotlarning “Inson qadri va xalq manfaati hamma narsadan ustun” degan ezgu gʻoya asosida amalga oshirilayotgani ham Inson huquqlari boʻyicha milliy strategiyaning oʻz vaqtida qabul qilingani va mamlakat rivojlanishi yoʻlida zarur qadam boʻlganini koʻrsatadi.

    Inson huquqlari boʻyicha
    Oʻzbekiston Respublikasi
    Milliy markazining
    matbuot xizmati.