2022-yil 8 oyi davomida inson huquq va erkinliklari himoyasi boʻyicha 2 664 ta tekshirish oʻtkazilib, 15 615 ta qonunbuzilish holatlari aniqlangan. Bunda qonunga zid boʻlgan huquqiy hujjatni bekor qilish hamda aniqlangan qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish borasida 17 449 ta prokuror nazorati hujjatlari qoʻllanilib, 5,7 mlrd. soʻmlik yetkazilgan zarar ixtiyoriy qoplangan, sudlarga qiymati 53,1 mlrd. soʻmlik daʼvo arizalari kiritilgan. Natijasiga koʻra, 54 387 nafar shaxsning buzilgan huquqlari tiklangan.
Mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaratish sohasida oʻtkazilgan nazorat tadbirlarda 9 428 ta holatda tadbirkorlarning huquqi buzilganligi aniqlangan. Jumladan, ularning 537 tasi bank xizmati koʻrsatish tartibini buzish va 105 tasi yer ajratish qoidalariga rioya qilmaslik bilan bogʻliq. Masalan, Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi Angor tuman boʻlimi katta inspektori E.Normurodov va boshqalar 31 ta fermer xoʻjaliklari faoliyatida noqonuniy tekshirish oʻtkazganligi aniqlanib, agroinspeksiyaning jami
8 nafar xodimlari maʼmuriy javobgarlikka tortildi.
Oʻtgan davrda prokuratura organlari tomonidan 17 672 ta tadbirkorlik subyektlariga amaliy yordam koʻrsatildi. Natijada 6 763 ta yangi tadbirkorlik subyektlari tashkil etilib, faoliyat koʻrsatmayotgan 3 976 ta tadbirkorlik subyektlari faoliyati tiklandi va 12 965 ta yangi ish oʻrinlari yaratildi. Misol uchun, Surxondaryodagi “Bobotogʻ Bodomzori” fermer xoʻjaligiga auksion orqali 38 gektar yer maydoni ajratilishiga koʻmaklashilib, 13 ta yangi ish oʻrinlari yaratildi.
Inson huquqlarini himoya qilish yoʻnalishi boʻyicha prokuratura tergov organlariga alohida ahamiyat berib kelinmoqda. Jumladan, 2022-yil oʻtgan davrida prokuraturaga huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan qiynash haqida 126 ta xabar kelib tushgan, tekshiruv natijalariga koʻra 4 ta jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.