“Inson huquqlari himoyasi uchun” koʻkrak nishoni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tashabbusi bilan 2020-yilda taʼsis etilgan. Bundan maqsad – inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilishda katta hissa qoʻshgan fuqarolar va tashkilotlarni moddiy va maʼnaviy ragʻbatlantirish hamda taqdirlash, bu faoliyatni amalga oshirishda oʻrnak boʻlayotganlar namunasini, ularning tajribasini ommalashtirishdan iborat.
Koʻkrak nishoni bilan inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilishdagi xizmati, inson huquqlarini targʻib qilishdagi faolligi, inson huquqlari sohasidagi taʼlim, yoshlar oʻrtasida inson huquqlarini himoya qilish anʼanalarini rivojlantirishga qoʻshgan hissasi, inson huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlarni rivojlantirish va boshqarishdagi salmoqli yutuqlari, inson huquqlari sohasidagi samarali ilmiy faoliyati uchun Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari taqdirlanadi.
“Inson huquqlari himoyasi uchun” koʻkrak nishoni bilan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar, shuningdek, inson huquqlarini himoya qilish sohasida faoliyat olib borayotgan tashkilotlar ham taqdirlanishi mumkin.
Har yili 10-dekabr – Xalqaro inson huquqlari kuni arafasida koʻkrak nishoni va uning guvohnomasi tantanali tarzda topshiriladi. Joriy yilda ushbu mukofotga 6 nafar hamyurtimiz, 2 nafar chet el fuqarosi va 2 ta nodavlat notijorat tashkiloti sazovor boʻldi. Xususan:
- “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish Markazi direktorining birinchi oʻrinbosari Marat Xadjimuxamedov – inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish sohasidagi zamonaviy tadqiqot amaliyotini shakllantirishga qoʻshgan munosib hissasi;
- Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligining Surxondaryo viloyati boshqarmasi boshligʻi Jamshidjon Choriyev – yoshlar huquqlarini himoya qilishdagi samarali faoliyati;
- Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi apparatining Yuridik boʻlimi mudiri Hamidulla Premkulov – aholining mehnat huquqlari va ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini himoya qilishdagi faolligi;
- Oʻzbekiston Nogironlar jamiyati – nogironligi boʻlgan shaxslarni ijtimoiy himoya qilishdagi faolligi;
- “Barqaror hayot” ijtimoiy-maʼrifat markazi direktori Oliya Ilmuradova – ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilishdagi koʻp yillik samarali faoliyati;
- “UMNICHKA” Nodavlat taʼlim muassasasi rahbari Shahnoza Ikramova – bolalar huqularini himoya qilishdagi faol ishtiroki;
- Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi – jurnalistlarning huquqlari, shaʼni va qadr-qimmatini, qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilishga qoʻshgan hissasi;
- Toshkent davlat yuridik universiteti Xalqaro huquq va inson huquqlari kafedrasi professori Govxerjan Yuldasheva – inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi oʻquv va ilmiy faoliyati;
- Tallin universiteti Boshqaruv, huquq va jamiyat akademiyasi faxriy professori Reyn Myullerson – inson huquqlari sohasidagi xalqaro hamkorlik, ilmiy va oʻquv ishlari;
- BMT Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasi rahbari Rishard Komenda – inson huquqlarini himoya qilish va taʼminlash sohasidagi xalqaro hamkorligi uchun ushbu mukofot bilan taqdirlandilar.
“Inson huquqlari himoyasi uchun” koʻkrak nishonini oʻz sohiblariga Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov topshirdi.
Maʼlumot uchun: 2020-2021-yillarda nodavlat notijorat tashkilotlari va ular vakillarining 12 nafari, davlat tashkilotlari hamda oliy taʼlim muassasalari xodimlarining 8 nafari, xalqaro va xorijiy tashkilotlar vakillarining 8 nafari “Inson huquqlari himoyasi uchun” koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan.