Tantanali tadbirni Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov kirish soʻzi bilan ochdi.
Keyingi yillarda “Inson huquqlari himoyasi uchun” koʻkrak nishonining chet ellik sovrindorlarini Inson huquqlari boʻyicha Samarqand forumi doirasida taqdirlash anʼanaga aylandi. Joriy yilda quyidagi xorijiy hamkorlar:
- Sheref Malkoch, Turkiya Respublikasi Bosh Ombudsmani – Inson huquqlarini taʼminlash borasida Turkiy tilli davlatlar oʻrtasidagi hamkorlikni rivojlantirishga qoʻshgan hissasi uchun;
- Nura bint Zaid al-Rashud, Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) Inson huquqlari boʻyicha mustaqil doimiy komissiyasi Kotibiyati ijrochi direktori, professor – IHTning Inson huquqlari boʻyicha mustaqil doimiy komissiyasi bilan hamkorlikni rivojlantirishga qoʻshgan hissasi uchun;
- Rashid Hamad Humaid Albalushi, Ummon sultonligining Inson huquqlari boʻyicha komissiyasi raisi – inson huquqlarini himoya qilish va taʼminlash sohasidagi xalqaro hamkorligi uchun;
- Maryam bint Abdullah al-Attiya, Qatar davlati Inson huquqlari boʻyicha Milliy qoʻmitasi raisi – inson huquqlarini himoya qilish va taʼminlash sohasidagi xalqaro hamkorligi uchun ushbu mukofot bilan taqdirlandilar.
Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov “Inson huquqlari himoyasi uchun” koʻkrak nishonini oʻz sohiblariga tantanali ravishda topshirdi.
Qatarlik sovrindor hamkorimizning mukofotini Qatar davlati Inson huquqlari boʻyicha milliy qoʻmitasi bosh kotibi Sulton bin Hasan al-Jamali qabul qilib oldi.
Maʼlumot uchun: “Inson huquqlari himoyasi uchun” koʻkrak nishoni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tashabbusi bilan 2020-yilda taʼsis etilgan. Bundan maqsad – inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilishda katta hissa qoʻshgan fuqarolar va tashkilotlarni moddiy va maʼnaviy ragʻbatlantirish hamda taqdirlash, bu faoliyatni amalga oshirishda oʻrnak boʻlayotganlar namunasini, ularning tajribasini ommalashtirishdan iborat.
Koʻkrak nishoni bilan inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilishdagi xizmati, inson huquqlarini targʻib qilishdagi faolligi, inson huquqlari sohasidagi taʼlim, yoshlar oʻrtasida inson huquqlarini himoya qilish anʼanalarini rivojlantirishga qoʻshgan hissasi, inson huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlarni rivojlantirish va boshqarishdagi salmoqli yutuqlari, inson huquqlari sohasidagi samarali ilmiy faoliyati uchun Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari taqdirlanadi.
“Inson huquqlari himoyasi uchun” koʻkrak nishoni bilan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar, shuningdek, inson huquqlarini himoya qilish sohasida faoliyat olib borayotgan tashkilotlar ham taqdirlanishi mumkin.
Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi
Milliy markazi matbuot xizmati.