Oʻzbekiston Respublikasini Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 3-noyabrdagi 685-sonli qarori bilan “Inson huquqlari himoyasi uchun” koʻkrak nishoni toʻgʻrisidagi nizom, “Inson huquqlari himoyasi uchun” koʻkrak nishoni va guvohnomasining tavsiflari tasdiqlandi.
– Hukumat tomonidan mazkur qarorning qabul qilinishi davlatimiz rahbarining joriy yil 22-iyundagi Farmoni bilan tasdiqlangan Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy strategiyasini bajarish yoʻlida qoʻyilgan yana bir muhim amaliy qadam ekanini qayd etish maqsadga muvofiqdir, – dedi Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov ushbu qarorning mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida toʻxtalib.
A.Saidovning fikricha, “Inson huquqlari himoyasi uchun” koʻkrak nishonining taʼsis etilgani Oʻzbekistonda inson huquqlari va erkinliklarini taʼminlash boʻyicha izchil olib borilayotgan davlat siyosatining samaradorligini taʼminlashda gʻoyat katta ahamiyat kasb etadi. Binobarin, “biz ana shu yangi mukofot timsolida soha rivojiga beqiyos amaliy hissa qoʻshayotgan yurtdoshlarimiz, xorijiy va xalqaro hamkorlarimizni munosib ragʻbatlantirib borish imkoniyatiga ega boʻlmoqdamiz”, deb taʼkidladi u.
Mazkur koʻkrak nishonini taʼsis etilishidan maqsad inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilishda katta hissa qoʻshgan fuqarolar va tashkilotlarni moddiy va maʼnaviy ragʻbatlantirish hamda taqdirlash, bu faoliyatni amalga oshirishda oʻrnak boʻlayotganlar namunasini, ularning tajribasini ommalashtirishdan iborat. Bu bilan davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari va fuqarolarning inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi faoliyatini kuchaytirish nazarda tutilgan.
Koʻkrak nishoni bilan inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilishdagi xizmati, inson huquqlarini targʻib qilishdagi faolligi, inson huquqlari sohasidagi taʼlim, yoshlar oʻrtasida inson huquqlarini himoya qilish anʼanalarini rivojlantirishga qoʻshgan hissasi, inson huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlarni rivojlantirish va boshqarishdagi salmoqli yutuqlari, inson huquqlari sohasidagi samarali ilmiy faoliyati uchun Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari taqdirlanadi.
Koʻkrak nishoni bilan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar, shuningdek, inson huquqlarini himoya qilish sohasida faoliyat olib borayotgan tashkilotlar ham taqdirlanishi mumkin.
Maʼlumot uchun: Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 3-noyabrdagi 685-sonli qaroriga koʻra koʻkrak nishoni bilan taqdirlash jarayoni quyidagi bosqichlarni oʻz ichiga oladi:
- Fuqarolik jamiyati institutlari, davlat organlari va tashkilotlari har yili 1-oktyabrga qadar koʻkrak nishoni bilan taqdirlash boʻyicha nomzodlarni taqdim etadi. Takliflarga ilova sifatida nomzod haqida maʼlumotnoma, soʻnggi uch yil davomida u tomonidan inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish borasida amalga oshirgan ishlari aks ettirilgan tavsifnoma taqdim etiladi.
- Har yili 10-oktyabrga qadar koʻkrak nishoni boʻyicha takliflarni koʻrib chiqish boʻyicha komissiya tashkil etiladi. Komissiya inson huquqlari sohasidagi fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, olimlar va mutaxassislar, shuningdek sohada faoliyat yuritayotgan xalqaro tashkilotlar vakillaridan iborat tarkibda tuziladi.
- Komissiya har yili 10-noyabrga qadar nomzodlar boʻyicha hujjatlarni oʻrganib, taqdirlashga eng munosib nomzodlarni tavsiya qiladi.
- Har yili 1-dekabrga qadar koʻkrak nishoni bilan taqdirlash toʻgʻrisida buyruq chiqariladi.
- Har yili 10-dekabr – Xalqaro inson huquqlari kuni arafasida koʻkrak nishoni va uning guvohnomasi tantanali tarzda topshiriladi.
- Koʻkrak nishoni bilan taqdirlanganlar roʻyxati Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazining rasmiy veb-saytida va boshqa ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinadi.
Koʻkrak nishoni bilan taqdirlanganlarga bazaviy hisoblash miqdorining toʻrt baravari miqdorida biryoʻla toʻlanadigan pul mukofoti beriladi.
Inson huquqlari boʻyicha
Oʻzbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati