Inson huquqlari sohasidagi taʼlim barchaning inson huquqlariga nisbatan hurmatini ragʻbatlantirish va unga har tomonlama rioya etilishini taʼminlashda fundamental ahamiyat kasb etadi. U demokratik jamiyat qurish maqsadida huquqlar, erkinliklarni anglab yetish va ulardan faol foydalanish, majburiyatlarga amal qilishni nazarda tutuvchi inson huquqlari madaniyatini yuksaltirishga xizmat qiladi.

Bundan tashqari inson huquqlari sohasidagi taʼlim insonlarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va ekologik jabhalarda, umuman, oʻz hayotiga daxldor boʻlgan qarorlarni qabul qilishning barcha jarayonlarida toʻlaqonli ishtirokini taʼminlash, shuningdek huquqbuzarliklar, zoʻravonlik va nizolarning oldini olishda muhimdir.

BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 2004-yil 10-dekabrda barcha sektorlarda inson huquqlari sohasidagi taʼlim dasturlarini amalga oshirishga koʻmaklashish maqsadida Inson huquqlari sohasidagi Jahon taʼlim dasturi eʼlon qilingandi. 2011-yil dekabrida esa BMTning Inson huquqlari sohasidagi taʼlim va tayyorgarlik toʻgʻrisidagi deklaratsiyasi qabul qilindi.

Maʼlumki, Inson huquqlari sohasidagi Jahon taʼlim dasturi BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 2004-yilda eʼlon qilingan. Hozirgi vaqtgacha ushbu Dasturning quyidagi uchta bosqichi amalga oshirildi:

birinchi bosqich: 2005-2009-yillar – maktablarda inson huquqlari sohasidagi taʼlim jarayonlarini qamradi;

ikkinchi bosqich: 2010-2014-yillar – oliy taʼlim tizimi, shuningdek oʻqituvchi-murabbiylar va davlat xizmatchilari uchun inson huquqlari sohasidagi taʼlimga bagʻishlandi;

uchinchi bosqich: 2015-2019-yillar – ommaviy axborot vositalari vakillariga inson huquqlari sohasida taʼlim berildi.

Oʻz navbatida, 2020-2024-yillarda Inson huquqlari sohasidagi Jahon taʼlim dasturining toʻrtinchi bosqichi amalga oshirilmoqda. Yangi bosqich inson huquqlari sohasida taʼlim berish orqali yoshlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.

Keyingi yillarda Oʻzbekistonda inson huquqlari sohasida, shu jumladan bu yoʻnalishdagi taʼlimni takomillashtirish borasida salmoqli ishlar amalga oshirildi. Inson huquqlari sohasidagi taʼlim Oʻzbekiston Respublikasida inson huquqlari madaniyatini shakllantirishga oid davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biridir.

Oliy Majlis tomonidan 2019-yilda BMTning Inson huquqlari sohasidagi taʼlim va tayyorgarlik toʻgʻrisidagi deklaratsiyasi qoidalarini amalga oshirish boʻyicha Milliy harakatlar dasturi qabul qilingan. Oʻzbekiston Prezidentining 2020-yil 22-iyundagi Farmoni bilan Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi tasdiqlandi. Milliy strategiya ijrosi doirasida oliy oʻquv yurtlari uchun inson huquqlari boʻyicha oʻquv kurslari joriy etish vazifasi belgilab berilgan.

2020-yil avgustida BMT shafeligida yoshlar huquqlariga bagʻishlangan Samarqand xalqaro forumi muvaffaqiyatli oʻtkazildi. Oʻzbekiston Prezidenti BMT Bosh Assambleyasi 75-sessiyasida ilgari surgan BMTning Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyasini qabul qilish tashabbusi xalqaro hamjamiyat tomonidan keng qoʻllab-quvvatlandi.

Inson huquqlari sohasida erishgan shu kabi izchil natijalari tufayli Oʻzbekiston 2021-2023-yillarga BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashi aʼzoligiga saylandi.

Barcha uchun universal boʻlgan huquqni himoya qilish normalari va tamoyillari, inson huquqlari va asosiy erkinliklarini himoya qilishning xalqaro kafolatlari toʻgʻrisidagi xabardorlikni, shuningdek ushbu yoʻnalishdagi ishlar samaradorligini yana-da oshirish maqsadida Oʻzbekiston Prezidentining 2021-yil 7-iyundagi Farmoyishiga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasida inson huquqlari sohasidagi Jahon taʼlim dasturining toʻrtinchi bosqichini amalga oshirish boʻyicha Milliy komissiya tashkil etildi.Milliy komissiyaga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov rahbar etib tayinlandi. Komissiya aʼzolari safida Oliy Majlis Senati, Tashqi ishlar, Adliya, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim, Xalq taʼlimi, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirliklari, Yoshlar ishlari agentligi, Ombudsman, Kasaba uyushmalari Federatsiyasi kengashi, NNT va OAV vakillari, shuningdek hududlardagi rahbarlar bor.

Inson huquqlari sohasidagi Milliy taʼlim dasturini ishlab chiqish vazifasi ham belgilab berilgan. Uni tayyorlashda xalqaro shartnomalar normalari va andozalariga, BMTning inson huquqlari sohasiga masʼul tuzilmalari tavsiyalariga, shuningdek jamiyatimizning tarixiy, milliy va madaniy qadriyatlariga tayaniladi.

Gʻulom MIRZAYEV,
Inson huquqlari boʻyicha
Oʻzbekiston Respublikasi
Milliy markazining
Matbuot xizmati rahbari