Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan 2021-yil 19-21-noyabr kunlari tashkil etilgan trening ayni mavzudagi masalalar tahliliga bagʻishlangan. Treningda Milliy markaz, Bosh prokuratura, Oliy sud, Davlat statistika qoʻmitasi, yuridik yoʻnalishdagi oliy oʻquv yurtlari mutaxassislari ishtirok etmoqda.

BMT Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissar boshqarmasining Inson huquqlari va shartnomaviy mexanizmlar faoliyatini taʼminlash boʻyicha departamenti rahbari Mahaman Sisse-Guro kirish soʻzi bilan ishtirok etdi. Uning taʼkidlashicha, keyingi davrda Oʻzbekistonda inson huquqlarini taʼminlash va ayni sohadagi xalqaro majburiyatlarni bajarish borasida ijobiy natijalarga erishilgan va Oʻzbekiston oldida ishlar turganini taʼkidladi. Ushbu jarayonda fuqarolik jamiyat institutlarning roli oshirish va jalb qilish eng muhim vazifalardan biridir. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining BMT inson huquqlari Kengashining 46-sessiyasida ilgari surilgan Qiynoqlarga qarshi konvensiyaga Fakultativ protokolni ratifikatsiya qilish toʻgʻrisidagi tashabbuslarini amalga oshirish alohida ahamiyatga ekanligi taʼkidlab oʻtildi.

BMT Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissar boshqarmasining Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy boʻlinmasi koʻmagida onlayn va oflayn shaklda tashkil etilgan mazkur treningda xalqaro spikerlar ishtirok etmoqda. BMT Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissar boshqarmasining Inson huquqlari boʻyicha maslahatchisi Natalya Oliynik (Jeneva), BMT Taraqqiyot dasturining Inson huquqlari va ijtimoiy himoya boʻyicha katta eksperti Salman Asif, BMT Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissar boshqarmasining Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy boʻlinmasi inson huquqlari boʻyicha maslahatchisi Artur Yatsevich shular jumlasidandir.

Tadbirda dastlab Milliy markaz vakillarining taqdimotlari tinglandi. Ushbu taqdimotlarda Oʻzbekiston ratifikatsiya qilgan inson huquqlari toʻgʻrisidagi xalqaro hujjatlarda belgilangan majburiyatlarni bajarish yoʻlida amalga oshirilayotgan izchil chora-tadbirlar samaralarini hisobga olgan holda, milliy maʼruzalar tayyorlanayotgani taʼkidlandi. Bunda Milliy markaz asosiy muvofiqlashtiruvchi tashkilot ekaniga eʼtibor qaratildi.

Milliy maʼruzalarni tayyorlash jarayonlariga barcha manfaatdor tomonlar jalb etilmoqda. Bu oʻrinda, albatta, vazirliklar va davlat tashkilotlari, ilmiy-tadqiqot muassasalari, xususiy sektor, fuqarolik jamiyati institutlari vakillarining daxldorligi haqida soʻz bormoqda.

Chunki milliy maʼruzalarni tayyorlashda qamrovni shunday keng olish birinchi navbatda xolislikni taʼminlaydi. Eng muhimi, bu bilan Yangi Oʻzbekistonni demokratik rivojlantirish jarayonlarining barcha bosqich va sohalarida inson huquqlariga amal qilinishi borasida tadrijiy asosda amaliy natijalar qoʻlga kiritilayotgani yaqqol koʻrinadi.

Uch kunlik treningdan koʻzlangan maqsad mamlakatimiz ratifikatsiya qilgan xalqaro hujjatlar doirasidagi majburiyatlarni amalga oshirish borasida tegishli tuzilmalarning salohiyatini oshirishdan iboratdir. Qolaversa, bu boradagi eng maqbul milliy amaliyot va xalqaro tajribani atroflicha oʻrganish koʻzda tutilgan.

Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi matbuot xizmati.