Majlisda oʻtgan ikki yil mobaynida Oʻzbekiston inson huquq va manfaatlari himoyasini taʼminlash borasida salmoqli yutuqlarga erishgani taʼkidlandi. Jumladan, milliy qonunchilik va huquqiy amaliyotni inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlarga moslashtirish maqsadida xalqaro mehnat tashkilotining “Mehnat xavfsizligi va gigiyenasiga koʻmaklashuvchi asoslar toʻgʻrisida”gi konvensiyasi va BMTning “Nogironlar huquqlari toʻgʻrisida”gi konvensiya ratifikatsiya qilindi.

Bundan tashqari, senatorlar inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarni bajarishda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilinganini taʼkidladilar, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati Axborot xizmati.