Ushbu taqdimot 1995-yil 15-sentyabrda Xotin-qizlar ahvoli bo‘yicha to‘rtinchi Butunjahon konferensiyasida qabul qilingan Pekin deklaratsiyasi va Harakatlar platformasining 30 yilligi hamda Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiya qabul qilinganining 45 yilligiga bag‘ishlandi.
Taqdimotda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi raisi Malika Qodirxonova hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish qo‘mitasi raisi Gulrux Agzamova so‘zga chiqdi.
1995-yil 15-sentyabrda bo‘lib o‘tgan Xotin-qizlar ahvoli bo‘yicha to‘rtinchi Butunjahon konferensiyasida qabul qilingan mazkur xalqaro-huquqiy vositalar o‘tgan davrda butun dunyo miqyosida gender tenglikni ta’minlash va xotin-qizlarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlar rivojiga sezilarli hissa qo‘shdi.
O‘z navbatida, o‘tgan yili Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiya qabul qilinganining 45 yilligi keng nishonlangan.
1967’yilda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan Ayollarga nisbatan kamsitishlarga barham berish to‘g‘risidagi deklaratsiya qabul qilingani xotin-qizlar huquqlari to‘g‘risidagi keng qamrovli xalqaro kelishuvni ishlab chiqishda birinchi qadam bo‘ldi. Ayni chog‘da, ushbu Deklaratsiya jins bo‘yicha kamsitishni taqiqlovchi, shuningdek, davlatlar uchun tavsiyaviy mazmunga ega bo‘lsa-da, kutilgan samarani bermadi.
Shuning uchun xalqaro hamjamiyat oldida bu boradagi global harakatlarga ko‘maklashadigan va davlatlar zimmasiga alohida majburiyat yuklaydigan shartnoma qabul qilish zarurati paydo bo‘lgani tufayli 1975-yilda Mexiko shahrida o‘tkazilgan BMTning Ayollar holati bo‘yicha Butunjahon konferensiyasida «Ayollar o‘n yilligi» (1975–1985) e’lon qilindi. Konferensiya qaroriga muvofiq, besh yil davomida Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiya ishlab chiqildi va BMT Bosh Assambleyasining 1979-yil 18-dekabrdagi 34/180-sonli rezolyusiyasi bilan qabul qilindi.
Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiya (yoki CeDAW Konvensiyasi) yigirmata davlat tomonidan ratifikatsiya qilinganidan so‘ng, 1981-yil 3-sentyabrda kuchga kirdi. Shvetsiya ushbu hujjatni imzolagan ilk davlat hisoblanadi. CeDAW Konvensiyasi xotin-qizlarning fuqarolik, siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy huquqlariga bag‘ishlangan xalqaro qonun sifatida e'tirof etilgan. Mazkur hujjat BMTning inson huquqlari bo‘yicha to‘qqizta asosiy Konvensiyasidan biri bo‘lib, xalqaro hamjamiyatning xotin-qizlar huquqlari borasidagi yakdil qarashlarini ifoda etadi.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, 1981-yilda BMTning Xotin-qizlarni kamsitishga barham berish bo‘yicha qo‘mitasi ta’sis etilgan. Qo‘mita o‘z faoliyati doirasida Konvensiyaning asosiy moddalari ijrosini ko‘rib chiqishi hamda ularning mazmuni va qo‘llanilishi bo‘yicha tavsiyalar berishi mumkin. Ushbu tavsiyalar ishtirokchi-davlatlarga gender tenglikka erishish va xotin-qizlar huquqlarini ta'minlashga erishishga qaratilgan milliy qonunchilik manbalarini mustahkamlashga ko‘maklashadi.
Bugungi kunga qadar Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiyani 189 mamlakat ratifikatsiya qilgan. Konvensiya 1995’yil 18-avgustda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan ratifikatsiya qilingan.
Konvensiyaning asosiy prinsip va qoidalari milliy qonunchiligimizda, yanada muhimi, 2023-yil aprel oyida umumxalq ovoz berish yo‘li bilan qabul qilingan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida o‘z ifodasini topgan. Xususan, Konstitutsiyaning 42 va 58-moddalarida ayollarning mehnat huquqlari buzilishining oldini olish, ular uchun munosib turmush va ish sharoitlari yaratish hamda xotin-qizlarga jamiyatning barcha jabhalarida erkaklar bilan teng huquq va imkoniyatlar ta'minlanishi nazarda tutilgan.
Hozirgi vaqtda mamlakatimizda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini har tomonlama ta’minlashga oid 40 dan ziyod normativ-huquqiy hujjat qabul qilingan.
Shuningdek, 2017–2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi, 2022–2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi, «O‘zbekiston–2030» strategiyasi, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi, 2030-yilga qadar O‘zbekistonda gender tenglikka erishish strategiyasi, Barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarning qabul qilindi.
Mamlakatimizda BMT Xotin-qizlarni kamsitishga barham berish bo‘yicha qo‘mitasining davriy ma’ruzalar yuzasidan tegishli tavsiyalarini amalga oshirish borasida alohida mexanizm yaratilgan.
O‘zbekistonda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy hayotdagi ishtirokini kengaytirish va ularning davlat funksiyalarini tartibga solishga qo‘shgan hissasini oshirish bo‘yicha faol ishlar o‘z samaralarini amalda namoyon etmoqda. Xususan, xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi ulushi 35 foizga yetkazildi. Yangi saylangan Qonunchilik palatasi deputatlarining 38 foizi, Senat a'zolarining 27 foizini ayollar tashkil etmoqda.
Tadbirkor ayollar safi 37 foizga ko‘paydi. Yuz minglab ayollar kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitildi. Oliy ta'lim muassasalarida ta'lim olayotgan qizlar soni 6 barobar ko‘payib, ta'lim olayotgan talabalarning yarmidan ortig‘ini xotin-qizlar tashkil etmoqda.
Mintaqada xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida norasmiy mintaqaviy platforma sifatida 2020 yil dekabr oyida Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollar muloqoti tashkil etildi. O‘zbekiston 2021 yilda mazkur Muloqotga birinchi bo‘lib raislik qildi.
Yana bir muhim jihat: Yangi O‘zbekistonning gender tenglikka erishishdagi yutuqlari BMT, Parlamentlararo Ittifoq, Jahon banki tomonidan alohida e'tirof etilib, xalqaro indekslarda o‘z aksini topmoqda. Mamlakatimiz 2024 yilda gender tenglik va boshqaruv indeksi bo‘yicha 72,8 ball to‘pladi. Natijada 2022 yil qayd etilgan 103-o‘rindan 51 pog‘onaga ko‘tarilib, 52-o‘rinni band etdi.
Shuningdek, o‘tgan yilda mamlakatimiz Jahon bankining «Ayollar, biznes va qonun» indeksida 48 pog‘onaga yuqorilab, 190 ta davlat orasida 91-o‘rinni egalladi. O‘zbekiston ayollar huquqlari va gender tenglik sohasida eng katta natijalarga erishgan 5 ta mamlakatdan biri sifatida qayd etildi.
Joriy yilda dunyoning barcha taraqqiyparvar mamlakatlari qatori O‘zbekistonda ham Pekin deklaratsiyasi va Harakatlar platformasining 30 yilligi keng nishonlanmoqda.
Inson huquqlari uyida tashkil etilgan to‘plam taqdimoti ana shu tadbirlarning dastlabkisidir. Davlat idoralari va xalqaro tashkilotlar mutaxassislari, huquqshunoslar, tadqiqotchilar, talabalar hamda gender tenglik masalalariga qiziqadigan jami kitobxonlarga mo‘ljallangan ushbu yangi to‘plamdan Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiyaning to‘rt tildagi – o‘zbek, qoraqalpoq ingliz va rus tillaridagi matni joy olgan.
To‘plamni tayyorlash, nashr etish va taqdimotini o‘tkazishdan maqsad ayni Konvensiyada belgilangan xalqaro standartlar va xotin-qizlar huquqlariga bag‘ishlangan qoidalarning asl mazmun-mohiyatini keng ommaga yetkazishdir.
Taqdimotda so‘zga chiqqan ekspertlar Yangi O‘zbekistonda inson huquqlari sohasidagi islohotlar qat’iy, uzviy va izchil negizda davom ettirilayotganiga e’tiborni qaratdilar. Bunday oqilona va insonparvar siyosat tufayli mamlakatda gender tenglikni ta’minlash, xotin-qizlar huquqlarini ishonchli himoya qilish ishlari tom ma’noda yangi bosqichga ko‘tarilganiga yuqori baho berildi.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazi matbuot xizmati.