Binobarin, bugun Oʻzbekistonda demokratik oʻzgarishlarni yana-da chuqurlashtirishga alohida eʼtibor bilan yondashilmoqda. Bunda, avvalo, insonning asosiy huquq va erkinliklarini taʼminlash mamlakatimizdagi islohotlarda eng muhim oʻrinni kasb etmoqda.
Hammamiz yaxshi bilamiz, yaqin-yaqingacha jahon hamjamiyati tomonidan inson huquqlari borasida Oʻzbekistonga keskin eʼtirozlar mavjud edi. Oʻtgan qisqa vaqt ichida mamlakatimiz insonning asosiy huquq va erkinliklarini taʼminlash va himoya qilish borasida tarixiy yoʻlni bosib oʻtdi. Xususan, yurtimizda yoshlar huquqlarini himoya qilish, fuqaroligi boʻlmagan shaxslar sonini kamaytirish, qiynoqlarning oldini olish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi.
Joriy yilning Oʻzbekistonda “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” deb eʼlon qilingani ham yangi tashabbuslarni ilgari surishda muhim qadam boʻldi. BMT shafeligida Yoshlar huquqlari boʻyicha butunjahon konferensiyasini oʻtkazish, BMT Iqtisodiy va ijtimoiy kengashining oʻninchi forumida Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiya loyihasini taqdim etish hamda Yoshlar huquqlari boʻyicha maxsus maʼruzachi institutini taʼsis etish masalasini kiritishga tayyorgarlik koʻrilayotgani fikrimizning yaqqol isbotidir.
Anjumanda Prezidentimiz tomonidan fuqaroligi boʻlmagan shaxslar sonini kamaytirish, fuqarolik jamiyati institutlarini yana-da rivojlantirish, soʻz erkinligini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, sudyalar mustaqilligini taʼminlash, ularning ishlash mexanizmlarini takomillashtirish boʻyicha bir qator tashabbuslar ilgari surildiki, ularni hayotga tatbiq etilishi tez orada oʻz samarasini beradi.
Albatta, ayni kunga qadar erishgan natijalarimiz aytishga arziydi. Lekin bu bilan kifoyalanib qolmasdan, bundan buyon ham mamlakatimiz barcha sohalarda yetakchi boʻlishni qatʼiy maqsad qilgan. Amalga oshirilayotgan va amalga oshirilajak islohotlarda, albatta, inson manfaatlari va huquqlari oliy ekanligi yuksak qadriyat sifatida maydonda turadi.
Umuman olganda, Prezidentimiz nutqi mazmundorligi va ahamiyati, biz yashayotgan murakkab davrning eng dolzarb mavzularini qamrab olganligi bilan ajralib turdi. Maʼruzada bildirilgan muhim fikrlar avvalo, biz deputatlar zimmasiga katta masʼuliyat yuklaydi. Endi barchamiz bir yoqadan bosh chiqarib, belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlashga kirishsak, koʻzlagan maqsadlarimizga erishishimizga aminman.
Begali QODIROV,
Oliy Majlis Qonunchilik
palatasi deputati