Tadbirda davlat organlari, sud tizimi, huquqni muhofaza qiluvchi tuzilmalar, inson huquqlari boʻyicha milliy institutlar, advokatlar, ilmiy hamjamiyat, shuningdek, xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, BMT Inson huquqlari qoʻmitasi aʼzosi Akmal Saidov tadbirni ochar ekan, erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqini taʼminlash qonun ustuvorligi va jamiyatning davlat institutlariga boʻlgan ishonchining asosiy mezonlaridan biri ekanligini taʼkidladi. Yangi Oʻzbekiston inson huquqlarini himoya qilishning milliy huquqiy va institutsional mexanizmlarini izchil mustahkamlab borayotgani, BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashining maxsus mexanizmlari bilan hamkorlikni kengaytirayotgani, xalqaro hamkorlikni huquqni qoʻllash faoliyatini takomillashtirishning amaliy vositasi sifatida koʻrayotgani qayd etildi.

Seminarda BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashining Oʻzboshimchalik bilan hibsga olishlar boʻyicha ishchi guruhi raisi-maʼruzachisi Ganna Yudkovskaya asosiy maʼruzachi sifatida ishchi guruhning vakolati, individual murojaatlarni koʻrib chiqish tartibi, shoshilinch choralar koʻrish mexanizmlari, shuningdek, davlat hokimiyati organlari bilan hamkorlik amaliyoti haqida tushuntirishlar berdi.

Muhokamalar davomida, xususan:

- ozodlikdan mahrum qilishning qonuniyligini taʼminlashning xalqaro standartlari;

- ushlab turish va qamoqda saqlash vaqtidagi protsessual kafolatlar;

- ishchi guruhning murojaatlari va tavsiyalariga davlatlarning javob berish tartibi;

- idoralararo muvofiqlashtirish va axborot almashishni kuchaytirish masalalari koʻrib chiqildi.

Seminar ishtirokchilari toʻgʻridan-toʻgʻri professional tajriba almashish katta amaliy ahamiyatga egaligini taʼkidladilar. Tomonlar BMT mexanizmlari doirasida oʻzboshimchalik bilan hibsga olishning oldini olish hamda milliy huquqni qoʻllash amaliyotini takomillashtirish sohasida hamkorlikni yanada rivojlantirishga tayyorligini bildirdi.

Ushbu seminarning oʻtkazilishi Yangi Oʻzbekistonning inson huquqlarini himoya qilish milliy tizimini mustahkamlash, huquqiy savodxonlikni oshirish va davlat organlari faoliyatiga xalqaro standartlarni joriy etish boʻyicha izchil siyosatini amalga oshirish yoʻlidagi navbatdagi qadam boʻldi.

Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi

Milliy markazi matbuot xizmati.