Inson huquqlarini hurmat qilishda axloqiy biznes dunyosi ham muhim

    Biznes 18 Dekabr 2023 1045

    Joriy yil 15-dekabrda Toshkent shahrida “Tadbirkorlikda taʼminot zanjiri boʻyicha inson huquqlariga rioya etilishini qoʻllab-quvvatlashdagi mavjud muammolar va ularning yechimlari” mavzusida davra suhbati boʻlib oʻtdi.

    Tadbir Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi hamda YEXHTning mamlakatimizdagi vakolatxonasi bilan birgalikda tashkil etildi.

    Davra suhbati “2023-2024-yillarda YEXHTning Oʻzbekistondagi loyihalarini amalga oshirish boʻyicha yoʻl xaritasi” va “Oʻzbekistonda odam savdosiga qarshi kurashish uchun milliy institutsional asoslarni yanada rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash” loyihasi doirasida oʻtkazildi. Unda 30 dan ortiq davlat tashkiloti va xususiy sektor vakillari ishtirok etdi.

    Avvalo hozirgi davrda tadbirkorlik sohasi taʼminot zanjirida inson huquqlarini hurmat qilishni taʼminlashda davlat organlari vakillari va biznes tuzilmalari oʻrtasida tajriba almashish va muloqotni yoʻlga qoʻyish masalalari nechogʻlik dolzarb ekanligi taʼkidlandi.

    А.Саидов BMT Barqaror rivojlanish maqsadlarining 67-bandi barcha tadbirkorlarni barqaror rivojlanish muammolarini hal qilish uchun oʻzlarining ijodiy va innovatsion salohiyatidan foydalanishga chaqirishini qayd etdi

    “Oʻzbekiston–2030” strategiyasida: barqaror iqtisodiy oʻsish orqali daromadi oʻrtachadan yuqori boʻlgan davlatlar qatoridan oʻrish olish; aholi talablariga va xalqaro standartlarga toʻliq javob beradigan taʼlim, tibbiyot va ijtimoiy himoya tizimini tashkil etish; aholi uchun qulay ekologik sharoitlarni yaratish; xalq xizmatidagi adolatli va zamonaviy davlat barpo etish; mamlakatning suvereniteti va xavfsizligini kafolatli taʼminlash kabi asosiy gʻoyalar aks etgan.

    Muhokamalarda Oʻzbekiston tomonidan Adliya vazirligi va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakili Kotibiyati mutaxassislari faol qatnashdi. Bir qator xorijiy ekspertlar mavzu yuzasidan soʻzga chiqdi.

    Davra suhbati doirasida tadbir ishtirokchilariga inson huquqlarini hurmat qilishda biznes sohasida duch kelinayotgan muammolarni muhokama qilish hamda yanada adolatli, barqaror va axloqiy biznes dunyosini qurish uchun amaliy yechimlarni oʻrganish imkoniyatlari yaratildi.

    Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi

    Milliy markazining matbuot xizmati.