Bu borada “Oʻzbekiston” lokomotiv deposida tashkil qilib kelinayotgan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar esa ishchi-xodimlar oʻrtasida ijtimoiy muhitni shakllantirish, yoshlarni odob-ahloq qoidalariga oʻrgatish, ularni maʼnaviy kamolatga yetkazishga koʻmaklashmoqda.
Bugungi “Axborot makonidagi maʼnaviy-ahloqiy jarayonlar” mavzusida oʻtkazilgan tadbir ham ana shunday maqsadlarni koʻzlagani tabiiy.
Unda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi qoshidagi “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati aʼzosi, siyosiy fanlar boʻyicha falsafa fanlar doktori, Toshkent molniya instituti dotsenti Mahfuza Yuldasheva maʼruza qilib, jamiyatimizda, balki butun dunyoda yuz berayotgan voqea-hodisalarni hayotiy misollar tariqasida tushuntirib oʻtdi.
— Har birimizga ayonki, bugungi ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan axborot xurujlariga, televideniyedan namoyish etilayotgan koʻrsatuv va seriallarga loqaydlik, beparvolik bilan emas, balki unga eng katta xavf sifatida qaragan holda yoshlar oʻrtasida yuzaga kelayotgan muammolar illat otib, tanazulga yuz tutishidan oldin ijobiy hal etib, oldini olmogʻimiz darkor, — dedi Mahfuza Yuldasheva. — Farzandlarimizni televizor yoki telefonaga tobe qilib qoʻymasdan, kitobga mehr qoʻyishga oʻrgatishimiz lozim.
Kitob hayot yoʻlimizni yoritib turuvchi shamchiroqdir. U insonga ulkan maʼnaviy ozuqa berib, qalbini ezgulikka oshno etadi. Yaxshi kitob tafakkurga qanot, barcha qalblarga yorugʻlik bagʻishlaydi. Buyuk bobokalonimiz Alisher Navoiy aytganidek, “Kitob – beminnat ustoz, bilim va maʼnaviy yuksalishga erishishning eng asosiy manbai”.
Bugungi oʻtkazilgan davra suhbatidan kelib chiqib, shunday xulosa qilish kerakki, kelgusida jamiyatda maʼnaviy-maʼrifiy ishlarning yagona tizimini yaratish, xususan, unib-oʻsib kelayotgan yigit va qizlarni bilimli, odob-ahloqli qilib tarbiyalash, buning uchun eng avvalo, taʼlim jarayoni mustahkamlagan holda maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni sifat va mazmun jihatdan yangi bosqichga koʻtarishimiz lozimdir. Toki tarbiyalanayotgan yosh avlod bu borada olib borilayotgan siyosatning mazmun-mohiyatini chuqur anglab yetsin...
Feruza Xudoyqulova,
“Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ