Keng qamrovga ega, hayotimizning qariyb barcha jabhasini qamrab olgan ushbu tarixiy hujjatda oʻtgan yil davomida bajarilgan ishlar hamda 2021-yilga moʻljallangan ustuvor yoʻnalishlar, davlatimizning ichki va tashqi siyosatiga daxldor asosiy vazifalar bayon etildi.
Eng muhim va dolzarb qonunchilik tashabbuslarini ilgari surish, inson manfaatlarini himoyasini yana-da takomillashtirish, xalqimizning turmush darajasini oshirishga qaratilgan samarali ishlarni roʻyobga chiqarish, jamiyatdagi mavjud muammolarni tez hal etish kerakligi aytildi. Fuqarolarning yordamga muhtoj qatlamlari — keksalar, pensionerlar, jismoniy imkoniyati cheklangan insonlarga tibbiy-ijtimoiy yordam berish masalasida ham qator muhim vazifalar belgilandi.
Bu esa, oʻz navbatida, Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligi hamda uning hududiy tibbiy-ijtimoiy xizmatlar boʻlinmalari, tuman (shahar) shoʻbalari zimmasiga oʻta masʼuliyatli vazifa yuklatilganidan dalolat beradi. Boisi, Oʻzbekiston Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligi va uning boʻlinmalari, tuman (shahar) shoʻbalari ijtimoiy himoyaga muhtoj yolgʻiz keksalar, pensionerlar va nogironlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini muhofaza qilish, ularning jamiyat hayotiga integratsiyalashuviga koʻmaklashish, jismoniy imkoniyati cheklanganlarga ijtimoiy yordam berishga masʼul.
Demak, agentlik 2021-yilda ham qonunchilikda belgilangan faoliyati doirasida yana-da salmoqli, samaradorligi yuqori boʻlgan qator vazifalarni bajarishi lozim. Xususan, nogironlikning oldini olish, nogiron shaxslarni tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya qilish hamda ularga tibbiy-ijtimoiy yordam koʻrsatishga uchun kompleks dasturlarni ishlab chiqishda bundan-da faol ishtirok etishi kerak. Shuningdek, agentlik nogironlikni belgilashning jahon andozalariga mos ijtimoiy modeliga bosqichma-bosqich oʻtish borasidagi surʼatni jadallashtiradi. Hozir eskirgan tibbiy modeldan jahon standartlariga mos ijtimoiy modelga, tibbiy-mehnat ekspertizasi tizimidan tibbiy-ijtimoiy ekspertiza tizimiga oʻtiladi. Shu yilning oʻzida 120 ming nafar keksa va nogiron shaxslar tibbiy-ijtimoiy xizmat bilan qamrab olinadi.
Respublika boʻyicha nogironlikni belgilovchi tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari tizimi tashkil etiladi. 18 yoshgacha bolalarga “nogironligi bor” degan xulosani beruvchi pediatriya tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari faoliyati yoʻlga qoʻyiladi. Nogironlik alomatlari yaqqol koʻrinib turgan, noxush klinik tashxisga ega fuqarolarga nogironlikni byurokratik toʻsiqlarsiz, qisqa muddatda belgilash tizimi joriy qilinadi. Keksalar, nogironligi boʻlgan shaxslar va aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj boshqa toifalariga manzilli tibbiy-ijtimoiy yordam koʻrsatishga doir qonunchilikni yana-da takomillashtirishga qaratilgan takliflar tayyorlanib, amaliyotga joriy etish uchun barcha zarur choralar koʻriladi. Nuroniylar va aholining ijtimoiy muhofazaga ehtiyojmand boshqa toifalar ni reabilitatsiya qilish, ularga tibbiy-ijtimoiy yordamning yangi shakl va mexanizmini qoʻllash, tibbiy-ijtimoiy ekspertiza faoliyati chuqur muvofiqlashtiriladi.
Muhtoj fuqarolarni protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya vositalari bilan taʼminlash boʻyicha yangi tizim joriy etiladi. Nogironligi boʻlgan shaxslar va ularni parvarishlash uchun maxsus harakatlanish vositalari va moslamalari hamda reabilitatsiya uchun zarur boshqa texnik vositalarga ehtiyoj tezkor aniqlanadi. Ularni ishlab chiqarish uchun buyurtmalarni shakllantirishning samarali mexanizmlari ishlab chiqiladi. Nogironligi boʻlgan va boshqa muhtoj shaxslarga protez-ortopediya yordamini tashkil etish, vazirliklar, muassasalar va ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan birgalikda protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya texnik vositalarini ishlab chiqarish hajmini oshirish, ularni tayyorlash texnologiyalarini rivojlantirish, ularning yangi turlarini ishlab chiqarishga qaratilgan qator vazifalar bajariladi.
Yangi reabilitatsiya qilish va protezlash markazlari qurilib, ishga tushiriladi. Reabilitatsiya markazlarida ambulator-poliklinik boʻlimlar tashkil qilinadi. Buning natijasida tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya qamrovi yiliga 160 ming nafargacha yetkaziladi.
Ushbu yoʻnalishda joylarda mavjud boʻlgan muammolar oʻrganiladi. Nogironligi boʻlgan shaxslarning tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiyasi masalalari boʻyicha ilmiy tadqiqotlar oʻtkaziladi. Nogironlik muammolarining yechimi borasida amalga oshirilayotgan ilmiy izlanishlarni byudjet tomonidan moliyalashtirish boʻyicha asosli takliflar tayyorlanadi.
Agentligimiz “Saxovat” va “Muruvvat” internat-uylari, keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslar, urush va mehnat faxriylari uchun sanatoriylarda koʻrsatilayotgan tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni takomillashtirish, keksalar, nogironligi boʻlgan shaxslar va aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj toifalariga koʻrsatilayotgan tibbiy-ijtimoiy xizmatlar, nogironlik belgilash, yolgʻiz keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va protezlash markazlarida olib borilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy loyihalarning manzilliligini taʼminlaydi.
Agentlik tasarrufidagi “Muruvvat” va “Saxovat” uylarida toʻliq davlat taʼminotiga olingan shaxslarga koʻrsatilayotgan tibbiy-ijtimoiy xizmatlarning sifati va samaradorligini oshirish choralari belgilandi. “Saxovat” va “Muruvvat” uylari faoliyatida yangi xizmat turlarini joriy qilish orqali vasiylikka olinganlarni sogʻlomlashtirish va reabilitatsiya qilish ishlari yana-da yaxshilanadi.
Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi bilan hamkorlikda “Saxovat” va “Muruvvat” internat-uylariga qabul jarayoni va ularda davlat taʼminotiga olingan shaxslarning avtomatlashgan yagona maʼlumotlar bazasi yaratiladi. Mazkur internat-uylarga joylash uchun rasmiylashtirishda fuqaro bilan xizmat koʻrsatuvchining bevosita muloqotini keskin kamaytirish, bu jarayonlarni bosqichma-bosqich elektron hujjat almashinuvi, onlayn rejimda Yagona davlat xizmatlari tizimi orqali amalga oshirish rejalashtirilgan. Vaholanki, ushbu tibbiy-ijtimoiy muassasalarda toʻliq davlat taʼminotiga olingan keksa va nogironligi boʻlgan shaxslarga tibbiy-ijtimoiy yordam koʻrsatish ixtisoslashgan, individual yordam koʻrsatish, parvarish qilish va hamshiralik xizmatini talab etadi. Shu bois, oʻrta tibbiyot xodimlari uzluksiz taʼlim jarayonida gerontologiya va psixiatriya boʻyicha hamshiralik ishi yoʻnalishlari asosida oʻqitiladi.
Alohida roʻyxatga olingan, oʻzgalar parvarishiga muhtoj hamda yolgʻiz istiqomat qiluvchi pensioner va nogironligi boʻlgan shaxslar holidan doimiy xabar olish tizimi yana-da kuchaytiriladi. Ularning hayotini mazmunli tashkil etish borasida koʻrsatiladigan ijtimoiy xizmatlar koʻlami kengaytiriladi. Ijro etuvchi hokimiyat vakillari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari bilan hamkorlikda oʻzgalar parvarishiga muhtoj, yolgʻiz keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarga uyida ijtimoiy-maishiy xizmat koʻrsatish boʻyicha ishlar yana-da takomillashtiriladi.
Keksalar, nogironligi boʻlgan shaxslar va aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj boshqa toifalariga tibbiy-ijtimoiy yordam dasturlarini moliyalashtirish uchun mablagʻlarni jalb etishga oid ishlarda nodavlat notijorat tashkilotlarning oʻzaro izchil hamkorligi taʼminlanadi. Respublikamizdagi barcha aeroportlarida Xalqaro aviatransport assotsiatsiyasining talablari va ichki meʼyoriy hujjatlarga muvofiq, nogironligi boʻlgan shaxslarning harakatlanishi uchun zarur sharoitlar yaratishga qaratilgan ishlar yana-da shiddat bilan davom ettiriladi.
Har yili navbat asosida urush nogironlariga tenglashtirilgan shaxslar, respublika ahamiyatiga molik shaxsiy pensiya oluvchilar, Chernobil AES halokati oqibatida nurlanish kasalligiga chalingan va uni boshdan kechirgan yoki Chernobil halokati sababli nogiron boʻlib qolgan fuqarolar, yadro poligonlari va boshqa radiatsiya-yadro obyektlarida harbiy xizmatni oʻtagan shaxslar, yolgʻiz keksalar sanatoriyga yoʻllanmalar bilan taʼminlanadi. Eʼtiborlisi, ushbu yoʻnalishda ham qator samarali ishlar bajarilmoqda. Masalan, oʻtgan yili Qashqadaryo hamda Xorazm viloyatlarida har biri yuz oʻrinli keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslar uchun bepul sanatoriylar ishga tushirilgan boʻlsa, 2021-yilda Buxoro viloyatida xuddi ana shunday sanatoriy foydalanishga topshirilishi yuzasidan saʼy-harakatlar boshlandi.
Murojaatnomada taʼkidlanganidek, hozirgi kunda respublikamizda alohida eʼtiborga muhtoj 18 yoshgacha boʻlgan 150 ming nafar farzandimiz bor. Ularning taʼlim olishi, muayyan kasbni egallashi uchun koʻmaklashish, ogʻir kasallikka chalinganlarni davolash, chin yetimlarga hayotda oʻz oʻrnini topishga yordam berish, uy-joy bilan taʼminlashdek dolzarb, masʼuliyatli, sharafli vazifalar ham kun tartibiga qoʻyildi. Ehtiyojmand oilalarning farzandlari, chin yetim, nogironligi boʻlgan va davolanishga muhtoj bolalarga alohida mehr-muruvvat koʻrsatish boʻyicha yangi tizim joriy etiladi.
Bu borada agentligimiz va Xalqaro mehnat tashkiloti, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot dasturi, YUNISEF, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot bankining Oʻzbekistondagi vakolatxonalari, Yevropa Ittifoqining mamdakatimizdagi delegatsiyasi bilan hamkorlikda Oʻzbekiston Respublikasida aholini ijtimoiy himoya qilish milliy strategiya konsepsiyasi ishlab chiqiladi. Jismoniy yoki ruhiy rivojlanishida nuqsoni boʻlgan bolalar ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlarda, sanatoriy turidagi maktab-internatlarda taʼlim-tarbiya olayotgan, nogironligi boʻlgan bolalarning holidan xabar olish borasidagi ishlar koʻlami oshiriladi. Brayl yozuvidagi kitoblar chop etish, audiokitob yaratish kabi vazifalar yana-da jadallik bilan bajariladi.
Nogironligi boʻlgan shaxslarning ijtimoiy infratuzilma obyektlariga toʻsqinliksiz kirishi va foydalanishi uchun shart-sharoit yaratish maqsadida maxsus aksiyalar, nogironligi boʻlgan shaxslarga ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha bepul yuridik maslahat xizmatlari muntazam tashkil etilishiga jiddiy eʼtibor qaratiladi.
Shuningdek, odam savdosi oqibatida jabrlangan fuqarolarning tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiyasi va keyinchalik ijtimoiylashuvi boʻyicha huquqni muhofaza qilish organlari bilan samarali hamkorlik mexanizmlari ishlab chiqilgan. Odam savdosidan jabrlanganlarga yordam berish va ularni himoya qilish boʻyicha manzilli choralarni koʻrish yuzasidan bajarilayotgan ishlar ham takomillashtiriladi.
Bu kabi ezgu amallarni, xayrli ishlarni bajarishga hamkor tashkilotlar hamda saxovatpesha hamyurtlarimiz ham munosib hissa qoʻshadi. Barchamiz “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da “Yangi Oʻzbekistonda erkin va farovon yashaylik!” degan yagona maqsad atrofida birlashib ishlaymiz.
Alisher INAKOV,
Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar
agentligi direktori