2023-yil 14-iyul kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning lavozimga kirishish tantanali marosimiga bagʻishlangan Oliy Majlis palatalari qoʻshma majlisidagi “Xalqimizning yuksak ishonchini oqlash, erishgan yutuqlarimizni yangi, yanada ulkan natijalar bilan mustahkamlash – bosh vazifamiz” nomli strategik nutqi mamlakatimizning istiqboldagi siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-maʼrifiy hayoti hamda davlatimizning ichki va tashqi siyosati manzarasini ifodalab berdi.

Mazkur nutqda yangi Oʻzbekistonni ezgu boshqaruv, halollik, adolat, yuksak maʼnaviyat va qonun ustuvorligi asosida qad koʻtarish maqsadi mujassam ekanini bugun barchamiz chuqur anglab turibmiz. Mamlakatimiz erishgan yutuqlarini yanada ulkan natijalar bilan mustahkamlash ezgu hayot qurish maqsadini koʻzlaydi. Davr Vatan uchun, xalq uchun yanada faol ishlaydigan rahbarlar tarkibini shakllantirishni kun tartibiga qoʻydi.

Prezidentimiz oʻz nutqida salbiy harakatlari bilan davlat obroʻsiga putur yetkazayotgan har qanday rahbar bilan uzil-kesil xayrlashishini, ular oʻrniga bilimli, Vatan va xalq tashvishi bilan yashaydigan yosh yigit-qizlar qoʻyilishini taʼkidlab oʻtdi: “... Mana, safimizga yurtimizdagi, chet eldagi nufuzli oliygohlarda oʻqigan, yirik kompaniyalarda ishlagan qancha-qancha salohiyatli yoshlar kirib kelmoqda. Men ularning timsolida avvalo, ertangi kunimizning yangi rahbarlarini, hudud, tarmoq va sohalarning mohir boshqaruvchilarini koʻraman”.

Bu soʻzlar zamirida yurtimizdagi yangilanish jarayoni va islohotlarga daxldorligini chuqur his qiladigan, vatanparvar va xalqparvar, halol, mamlakatimizning eng rivojlangan davlatlar qatoriga kirishidagi oʻz oʻrni va ishtirokini teran anglaydigan, bu yoʻlda faol fuqarolik pozitsiyasiga, kreativ va innovatsion tafakkurga ega boʻlgan maʼnaviyati yuksak zamonaviy shaxslarni tarbiyalashda jonkuyarlik fazilatlarini kamol toptirmasdan turib, dunyo iqtisodiyoti, siyosati va madaniyatida munosib oʻrin egallash oson boʻlmasligiga ishora qilganini anglaymiz.

Kishilar orasida yetugi uyatli kishilar

Ochiq aytish kerak, bugun dunyoda maʼnaviy tanazzul, axloqiy inqiroz yuz bermoqda. Bu insonning tabiiy imkoniyatlarini, ruhiy kengliklarini maʼlum darajada chegaralab qoʻymoqda. Bugun eng katta fojia – bu insoniyatning qadriyatlardan uzoqlashishidir. Darhaqiqat, inson qadriyatlar tufayligina maʼnaviy barkamollikka erishadi, ruhiy tozalanish imkoniyatiga ega boʻladi. Insonni kamolot sari yetaklaydigan asos ham qadriyat sanaladi.

Bugun insofsizlik instinktlari kuchayib boryapti. Sharm, hayo, uyat degan Sharq fenomenidagi ulugʻ qadriyatlar yoʻqolmoqda. Odamlarda bir-biridan uyalish, bir-birining oldida xijolat boʻlish hissi barham topyapti.

Uyat deganida andisha, nomus, nooʻrin xatti-harakatlarni anglab oʻkinish tushuniladi-ku. Yusuf Xos Hojib “Kishilar orasida yetugi uyatli kishilar” degan ekan. Uyaladigan odam yomon nom qoldirishdan qoʻrqadi. Lekin korrupsiya degan juda xatarli illat borki, katta iqtisodiy zarar keltiribgina qolmay, jamiyatda axloqsizlikni keltirib chiqaradi, uyat, odamiylik yoʻqolishiga ham olib keladi. Davlat organlari saflarining sofligi haqiqatgoʻy, fidoiy, el-yurtga sadoqatli insonlar orqali taʼminlanadi. Taraqqiyot va obroʻ – ana shunday odamlarni axtarish, kadrlar seleksiyasi bilan bogʻliq.

Insof kategoriyasi – metodologik jihatdan falsafiy “meʼyor” kategoriyasi bilan bogʻliq. U ijtimoiy baho asosida shakllanib, oʻzida qator maʼnaviy fazilatlar – halollik, ezgulik, vijdon, rostgoʻylik, mehr-oqibat, odamgarchilikni mujassam etadi. Oʻzbek milliy axloqiga xos “insof” kategoriyasining roli ijtimoiy hayotda benihoya katta. U yoki bu xatti-harakatda ijtimoiy koʻlamdan, meʼyordan chetga chiqish – noinsoflik, demak axloqsizlik hisoblanadi. Bu azaliy maʼnaviy-axloqiy kategoriya yangi Oʻzbekistonni barpo etishdek ezgu maqsadga intilish yoʻlida hayotimizda yana tiklanmoqda.

Bugun yillar davomida davlat va jamiyat boshqaruvi tizimida faoliyat koʻrsatgan ayrim xodimlarning nojoʻya kirdikorlari haqida ijtimoiy tarmoqlarda oʻqib qolamiz, eshitamiz. Toʻgʻri yoʻldan yurish, insofli, adolatli boʻlishga yoshlarni chorlab kelgan amaldorlarning ibratimi bu? Bu ularning oʻzigina emas, ayni paytda jamoasi, ota-onasi, oilasi, qarindosh-urugʻlari, unga ishonch bildirganlarning ham yuzini yerga qaratganini anglab yetarmikin?!

Xalqimiz “rahbarning soxta obroʻsi emas, amaliy faoliyatining obroʻsi boʻlsin”, deb bejiz aytmagan. Shu oʻrinda Mavlono Rumiyning “Menga aql oʻratuvchi insonlar emas, aksincha, hayot yoʻli davomida oʻzgalarga ibrat boʻlgan insonlar kerak”, degan soʻzlari esga keladi.

Tinch va farovon oila deb atalmish ulkan qadriyatlarga tayangan qoʻrgʻonda xotirjam yashash har qanday inson hayotidagi eng qadrli onlar boʻlsa kerak. Ammo davlat organlarining ayrim xodimlari oʻylamay, aniqrogʻi, bilimsizlik, huquqiy nigilizm, ochkoʻzligi oqibatida yoʻl qoʻygan xatolari tufayli nafaqat oʻzi, oilasi, hatto tizim tinchini ham buzyapti.

Obroʻsini yoʻqotganning boshqa yoʻqotadigan narsasi boʻlmaydi. Inson oʻz qilmishi tufayli dunyoning shodliklaridan uzoqlashadi, gʻam-tashvish girdobiga botadi. Harom yoʻl bilan topilgan dunyo insonni falokatga mubtalo etadi.

Chun Syu davridagi Sun podshohligi (miloddan avvalgi 770–476-yillar) amaldorlaridan biri Chjen Kaofu imperator saroyida xizmat qilgan, oʻziga nisbatan qattiqqoʻl boʻlgan. U oʻz ibodatxonasining uch tayanch ustuniga quyidagi oʻgitlarni oʻyib yozdirgan ekan: “Birinchi bor lavozimga tayinlanganingda boshingni eg; ikkinchi bor mansabga tayinlanganingda belingni buk; uchinchi bor martaba olganingdan soʻng bukchayib, faqat devorga suyanib yur. Shunday ekan, seni tahqirlashga hech kim jurʼat qilolmaydi. Oʻz qorning uchun suyuq boʻtqa tayyorlashga kichik qozon kifoya”.

Bizning barcha kadrlarimiz, avvalo, xalqniki. Vakolatni ham xalq beradi, shuning uchun ular ishda halol va dadil harakat qilishlari, oʻz xatti-harakatlarida esa kamtarin va adolatli boʻlishlari kerak.

Millatimiz fidoyilaridan biri Abdulla Avloniyning “Iffat deb nafsimizni gunoh va buzuq ishlardan saqlamoqqa aytilur. Bizlarni gunoh va maʼsiyatdan saqlaguvchi, harom-xarishdan nafsimizni asrovchi faqat iffatimizdir”, deb halollikka ishora qilgani bugun ham naqadar dolzarb. Chin inson boshqalarga yordam berganidan shodlanadi, aksincha, birovlardan xayr olishga nomus qiladi. Boshqalarga nafi tegmagan kunni besamar deb hisoblaydi.

Insofsizlik bilan olingan foyda, manfaat diyonatsizlikni anglatadi. Oʻz mansab lavozimi, mavqeidan foydalanib boshiga tashvish tushgan odamdan biror narsa talab qilish, yumshoq qilib aytganda noinsoflik, diyonatsizlikdir. Ayniqsa, amaldor axloqiy, maʼnaviy buzilsa, nafsini tiyolmasa, toʻgʻri yoʻldan chiqsa uning jamiyatga taʼsiri keng koʻlamda namoyon boʻladi. Adolat buzilgan ishxonada odamlarning davlat organlari xodimlariga ishonchi yoʻqola boradi. Ikki oʻrtada katta jarlik paydo boʻladi.

Yusuf Xos Hojib yozganidek, “Dunyodagi eng yirik yov nafsing. Uning tuzogʻi doimo yoyiq. Nafsdan jon uchun yetishadigan narsa mashaqqat. Nafsi buzuqning davosini oʻlimdan boshqa hech narsa topolmaydi. Shu nafs goh yugurtirib, goh yeldiradi, goh kuldirib, goh yigʻlatadi. Koʻzni suq qiladigan ham shu nafs. U tufayli kishi goh toʻq, goh och boʻladi. Bir orzuni topsa, boshqasi qoladi. Nafs semirsa, oxir-oqibat egasini yiqitadi”.

Orzu-havas yaxshi, biroq, yelgil-yelpi, mantiqsizlari insonni yiqitadi. Ularni yengish vositasi uquv, aql va idrokdir. Dunyo ahlini halollika undagan Imom Gʻazzoliy oʻgit beradi: “Qay bir kishi mansabini odamlarga xizmat qilish emas, oʻziga foydalanish vositasi qilsa, haqiqat asoslarini qaror toptirishga emas, havoi nafsini qondirishga vasila qilsa, bu odam (qonunan) jinoyatchi va (sharʼan) gunohkordir”.

Olim amaldor boʻlishi shart emas, lekin amaldor albatta olim boʻlishi kerak

Hozirda davlat organlari xodimlarning aksariyati oliy maʼlumotli. Nufuzli muassasa yoki korxonaga tayinlangan rahbar undan samarali ish bilan birga katta masʼuliyat, shaxsiy javobgarlik talab etilishini ham biladi. Afsus, ayrim hollarda maʼlum vaqt oʻtgach, uning bilimi, ishga, xodlimlarga munosabati asl qiyofasi va darajasini oshkor etib qoʻyadi. Ana shunda jamoada uning shu mansabga oʻz iqtidori va mehnati bilan erishganiga ham shubha tugʻiladi. Bu esa “oliy maʼlumotli mutaxassis” nufuziga soya soladi. Donishlar aytganidek, “Olim boʻlgʻuvchi koʻptur, amal qilmasa, na foyda”.

Zotan, muntazam oʻqib-oʻrganish, tafakkur etish va muntazam mehnat orqali faoliyatimizda ilmiylikni, ijodiy tashabbusni namoyon qila olamiz.

Gʻururi, oriyati, maʼnaviyati baland xalqmiz

Davlat xizmatchilarining zamonaviy qiyofasini shakllantirishda vatanparvarlik muhim omil ekanini takororlash nooʻrin boʻlmas. Davlat xizmatchilariga fidoiylik, insonparvarlik, halollik, jurʼatlilik xos boʻlishi kerak. Afsuski, loqaydlik, shaxsiy manfaatni har narsadan ustun qoʻyish, oilaga, farzandlar taʼlim-tarbiyasiga befarqlik, qadriyatlarga hurmatsizlik kabi illatlar kundalik hayotimizda uchrab turibdi.

Xalq yozuvchisi Oʻtkir Hoshimovning “Toshkent oqshomi” gazetasining 1990-yil 11-yanvar sonida chop etilgan “Oʻzbek xarakteri” maqolasida “...Bir-birini himoya qiladigan oʻnta odamni mahv etishdan koʻra, bir-birining qismatiga bepisand qaraydigan noahil mingta odamni yoʻq qilish oson”, deb taʼkidlanadi. Adib bu bilan milliy birligimiz, jipslashuvimizga toʻsiq boʻlayotgan illat – loqaydlik va beparvolikni qoralaydi. Vaholanki, har qanday sharoitda, avvalo, “Jamiyat menga nima berdi?” deb emas, balki “Men jamiyatga nima berdim?” degan adolatli savolga javob bera olishimiz zarur.

Bugun shiddat bilan oʻzgarayotgan davrda har bir narsaga adolat bilan qarash, vijdon amri bilan ish tutish shart. Xudbinlik, isteʼmolchilik kayfiyatining avjiga chiqishi, moddiyatga berilib ketish, maishatparastlik, suiisteʼmollik ayrim kimsalarda odat tusiga kirgani ham sir emas. Ular insof degan moʻtabar oʻlchovni hisobga olmayapti, chegara bilmayapti. Vaholanki, oqsoqolllarimiz bot-bot tushuntirmoqda: “Insof milliy qadriyat sifatida axloqning maʼlum bir meʼyori, oʻlchovi sanaladi. Shu bilan birga, har bir vijdonli odam uchun jamoa oldidagi, jamiyat oldidagi oʻz xulq-atvori va odobi uchun maʼnaviy javobgarlik tuygʻusi hisoblanadi”.

Hayot haqiqati va insoniyat tajribasi shuni koʻrsatadiki, buyuk maqsadlar bilan yashaydigan xalqgina buyuk kelajagini yarata oladi. Buning uchun juda katta maʼrifat, ulkan maʼnaviy qudrat kerak.

Maʼrifatli inson har qanday sharoitda oʻzini oʻzi himoya qila oladi, asray biladi. Hozirgi qaltis dunyoda esa faqat maʼrifatli jamiyatgina oʻzining barqaror taraqqiyotini taʼminlaydi, oʻzini oʻzi asray biladi. Turli tashqi gʻoyaviy tajovuzkorlarga, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy tahdidlarga munosib javob beradi.

Ijtimoiy davlat konsepsiyasini amalga oshirishda adolatli ijtimoiy siyosatning oʻrni beqiyos. Uning bosh yoʻnalishi – Yangi Oʻzbekistonni oʻz hayotidan rozi, baxtli insonlar mamlakatiga, har tomonlama rivojlangan ijtimoiy makonga aylantirish islohotlarimizning asosiy maqsadidir. Biz bugun shiddat bilan yangi Oʻzbekistonni barpo etish yoʻlidan bormoqdamiz. Yangi davlat organlari shakllanmoqda. Bu davlat xizmatchilaridan xalqchillik va yuksak professionalizm taqozo etadi.

Zamonaviy davlat organlarida faoliyat yuritishda barcha rahbarlar, xizmatchi va xodimlar oʻz-oʻzini isloh etmogʻi lozim. Halollik, vijdoniylik, ruhiyat tozaligi, samimiylik, xalqqa vijdonan va fidoiy xizmat qilish barcha davlat organlari xodimlari va xizmatchilari faoliyatining ajralmas qismiga aylanishi kerak.

Yangi Oʻzbekistonni barpo etish yoʻlida loqaydlik va beparvolikka jamiyat taraqqiyotiga jiddiy toʻsiq sifatida qaralib, maʼnaviyatga eʼtiborsizlik tanazzulga yetaklashiga, shu bois, bu boradagi islohotlar kun tartibidan tushmaydigan dolzarb masala ekaniga urgʻu berilmoqda. Yuksak maʼnaviyat esa xalqona qadriyatdlar va bilim orqali shakllanadi.

Bugun yangi Oʻzbekiston adolat, yuksak maʼnaviyat va qonun ustuvorligi asosida qad koʻtarmoqda. Demak, xizmat vazifasiga vijdonan yondashish, Vatan va xalq oldidagi yuksak masʼuliyatni anglash, jamiyatda umumeʼtirof etilgan odob-axloq normalariga soʻzsiz amal qilish davr talabidir. Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, “Har kuni, har soatda vijdonimiz oldida hisobot berib, halol-pok boʻlib, el-yurt manfaatini oʻylab ishlasak, men aminman, xalqimiz ham, Yaratgan ham bizdan rozi boʻladi”.

Sharif QOBILOV,

IIV akademiyasi professori