“Inson qadri biz uchun qandaydir mavhum, balandparvoz tushuncha emas” - Prezident

    Hukumat 26 Yanvar 2022 6050

    Davlatimiz rahbari xalqimiz bugungi keng koʻlamli oʻzgarishlarga katta ishonch bilan qarab, tezroq ularning samarasini koʻrishni istayotganini taʼkidladi.

    "Albatta, inson qadri biz uchun qandaydir mavhum, balandparvoz tushuncha emas. Inson qadri deganda, biz, avvalo, har bir fuqaroning tinch va xavfsiz hayot kechirishini, uning fundamental huquq va erkinliklarini taʼminlashni nazarda tutamiz.

    Inson qadri deganda, biz har bir fuqaro uchun munosib turmush sharoiti va zamonaviy infratuzilma tashkil etishni, malakali tibbiy xizmat koʻrsatish, sifatli taʼlim, ijtimoiy himoya tizimi, sogʻlom ekologik muhit yaratib berishni tushunamiz.

    Bu maqsadga erishish uchun esa dunyodagi noyob demokratik tuzilma boʻlgan mahalla institutining katta imkoniyatlaridan samarali foydalanish, uning vakolatlarini yanada kengaytirish, pirovard natijada mahallani jamiyatimizning hal qiluvchi boʻgʻiniga aylantirish vazifasini oʻz oldimizga qoʻymoqdamiz.

    Muxtasar aytganda, mahalla tinch boʻlsa, yurt tinch boʻladi. Mahalla obod boʻlsa, butun mamlakat obod boʻladi", dedi Prezident.

    Yigʻilishda 2022-yilga moʻljallangan davlat dasturi loyihasining muhokamasi jarayonida aholidan 17 mingdan ziyod taklif kelib tushgani, ularning barchasi yoʻnalishlar boʻyicha oʻrganilib, dastur loyihasi 300 dan ortiq yangi tashabbus bilan toʻldirilgani maʼlum qilindi.

    “Odamlarimizning dastur muhokamasidagi faolligi, ularning islohotlarga boʻlgan ishonchi va daxldorligi ortib borayotgani xalqimiz yurtimizdagi oʻzgarishlar jarayonini, tashabbuslarimizni qoʻllab-quvvatlayotganidan yana bir bor dalolat beradi”, dedi Prezident.

    Davlatimiz rahbari muhokamalarda faol ishtirok etgan barcha yurtdoshlarimizga chuqur minnatdorchilik bildirdi.