Bu jarayonda sud hokimiyatining o‘rni alohida ahamiyat kasb etdi. Zero, insonning huquqi qog‘ozda e’lon qilinishi bilan emas, balki u buzilgan taqdirda samarali himoya qilinishi bilan haqiqiy qadriyatga ega bo‘ladi.
Shu ma’noda sud – davlat bilan fuqaro o‘rtasidagi munosabatlarda adolat mezonini ta’minlaydigan muhim institutdir.
Mustaqillik yillarida sud tizimi ham bosqichma-bosqich takomillashib bordi. Sudlarning huquqiy maqomi, sudyalarning mustaqilligi, fuqarolarning sud orqali himoyalanish huquqi, sud qarorlarining qonuniyligi va asosliligiga doir kafolatlar izchil kuchaytirildi.
Ayniqsa, 2017-yildan boshlab sud-huquq tizimida keng ko‘lamli va tizimli o‘zgarishlar yangi bosqichga ko‘tarildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yildagi sud tizimini tubdan takomillashtirishga qaratilgan farmoni bilan sud hokimiyati mustaqilligini kuchaytirish, sudyalikka nomzodlarni tanlash va tayinlash tizimini takomillashtirish, yuqori malakali sudyalar korpusini shakllantirishga qaratilgan muhim choralar belgilandi.
Bu islohotlarning zamirida bitta muhim maqsad bor edi: sudni fuqaroga yaqinlashtirish, sudlarni mustaqilligini ta’minlash va odil sudlov sifatini oshirish.
Islohotlar bir marta amalga oshirib qo‘yiladigan jarayon emas. Jamiyat o‘zgargani sari insonlarning huquqiy ehtiyojlari ham o‘zgaradi. Yangi iqtisodiy munosabatlar, tadbirkorlik, raqamli texnologiyalar, elektron hujjat aylanishi va global axborot muhiti sud tizimi oldiga ham yangi vazifalarni qo‘yadi. Shu sababli sud-huquq sohasidagi islohotlar ham doimiy harakatda bo‘lishi tabiiy.
So‘nggi yillarda sud-huquq islohotlarining mazmuni yanada insonparvarlik ruhi bilan boyidi. Islohotlar natijasida minglab fuqarolarga nisbatan oqlov hukmlari chiqarildi, inson huquqlarini himoya qilish mexanizmlari kuchaytirildi.
Sud qarorining har bir satri kimningdir hayotiga, oilasiga, mulkiga, tadbirkorligiga yoki kelajagiga ta’sir qilishi mumkin. Shuning uchun sud tizimidagi har qanday islohotning eng muhim mezoni – uning inson hayotida qanday natija berayotganidir.
O‘zbekiston sud tizimi ham raqamli transformatsiyaning yangi bosqichiga kirib bormoqda. 2025-yil 21-avgustda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PF-140-son Farmoni bilan sudlar faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish, raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirish va “Raqamli sud” konsepsiyasini bosqichma-bosqich amalga oshirishning huquqiy va tashkiliy asoslari belgilandi. Shuningdek, 2025–2027-yillarga mo‘ljallangan sud sohasini raqamlashtirish va odil sudlov jarayonlariga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish dasturi tasdiqlandi.
Bugungi kunda inson uchun vaqt eng qimmat resurslardan biriga aylangan.
Bir hujjat uchun bir necha idoraga borish, qog‘oz hujjatlarni yig‘ish, ish holatini bilish uchun sudga qayta-qayta murojaat qilish kabi jarayonlar asta-sekin yo‘qolib bormoqda.
Raqamlashtirishning eng katta afzalligi ham shunda – u sud xizmatlarini fuqaroga yanada qulay va ochiq qilish imkonini beradi.
Elektron murojaat, ish materiallari bilan masofadan tanishish, sud jarayoni haqida axborot olish, elektron hujjatlardan foydalanish kabi imkoniyatlar sudga murojaat qilish madaniyatini ham o‘zgartirmoqda.
Endi bu jarayonning keyingi bosqichi — sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanishdir.
PF-140-son Farmoni bilan sud sohasini raqamlashtirish va sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish yangi bosqichga olib chiqilmoqda. “Raqamli sud” konsepsiyasini bosqichma-bosqich amalga oshirish nazarda tutilgan. Xosh, “Raqamli sud” nimani o‘zgartiradi?
Bunday tizimning imkoniyatlari juda keng.
Avvalo, ish natijasini prognoz qilish imkoniyati fuqaroga sudga murojaat qilishdan oldin ishining huquqiy jihatlarini yaxshiroq tushunishga yordam berishi mumkin.
Albatta, bu “sud qanday qaror chiqarishini oldindan bilish” degani emas. Sun’iy intellekt mavjud ma’lumotlar va sud amaliyoti asosida tahliliy axborot berishi mumkin, xolos.
Ikkinchidan, sud hujjatlarini tayyorlash jarayonida sun’iy intellekt katta yordamchiga aylanishi mumkin. Takrorlanuvchi texnik vazifalarni avtomatlashtirish sudya va sud xodimlarining vaqtini tejaydi.
Uchinchidan, sud majlislarini raqamlashtirish imkoniyati paydo bo‘ladi. Majlis davomida aytilgan fikrlarni real vaqt rejimida matnga aylantirish bayonnoma tayyorlash jarayonini yengillashtirishi, ma’lumotlarni tizimlashtirishni tezlashtirishi mumkin.
To‘rtinchidan, elektron sud tizimlarining rivojlanishi fuqarolar va tadbirkorlarga sud jarayonida masofadan ishtirok etish, zarur ma’lumotlardan elektron tarzda foydalanish imkoniyatlarini yanada kengaytirishi mumkin.
O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan sud-huquq islohotlarining asosiy mezoni – inson qadri, uning huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishdir. Sud tizimining mustaqilligi va ochiqligini kuchaytirish, odil sudlov sifatini oshirish hamda raqamli texnologiyalar, jumladan, sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish sud xizmatlarini yanada qulay, tezkor va shaffof qilishga xizmat qilmoqda. Eng muhimi, raqamlashtirish va texnologik yangilanish inson omilini chetga surish emas, balki inson huquqlarini samarali himoya qilish, adolatni ta’minlash va fuqarolarning sudga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlash vositasi bo‘lishi lozim. Zero, zamonaviy sud tizimining haqiqiy samarasi qabul qilingan qarorlar soni bilan emas, avvalo, har bir inson o‘z huquqi va qadri ishonchli himoya qilinganini his qilishi bilan belgilanadi.
Dilnavoz Tojiboyeva,
Toshkent davlat yuridik universiteti dotsenti