Xususan, Konstitutsiyaning 13-moddasini “Oʻzbekiston Respublikasida demokratiya umuminsoniy prinsiplarga asoslanadi, ularga muvofiq inson, uning hayoti, erkinligi, shaʼni, qadr-qimmati va boshqa ajralmas huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi.
Insonning shaʼni va qadr-qimmatini, huquq va erkinliklarini hurmat qilish, ularga rioya etish, ularni himoya qilish davlatning majburiyatidir.
Insonning huquq va erkinliklari bevosita amal qiladi, qonunlarning maʼnosini, mazmunini va qoʻllanilishini, davlat organlarining, fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining va ular mansabdor shaxslarining faoliyatini belgilaydi.
Insonga nisbatan huquqiy taʼsir chorasi davlat organi tomonidan koʻzlanadigan qonuniy maqsadga erishish uchun yetarli boʻlishi hamda manfaatdor shaxslarga imkon qadar qiyinchilik tugʻdirmasligi kerak.
Insonning davlat organlari bilan oʻzaro munosabatlarida qonunchilikda yuzaga keladigan, bartaraf etib boʻlmaydigan barcha qaramaqarshiliklar va noaniqliklar inson foydasiga talqin qilinadi.
Demokratik huquq va erkinliklar Konstitutsiya va qonunlar bilan himoya qilinadi” deb toʻldirish taklif qilinayotganligi ham yurtimizda inson huquqlari, shaʼni va qadr-qimmatiga eʼtibor berilayotganligidan dalolat berib turibdi.
Soʻnggi toʻrt yil mobaynida Oʻzbekiston Respublikasida olib borilgan izchil islohotlar ijtimoiy hayot, iqtisod, maʼorif bilan bir qatorda inson huquqlari sohasini ham qamrab oldi. Mamlakatimiz fuqarolari oʻz faoliyatlarida bunday oʻzgarishlarga guvoh boʻlib turgan boʻlsalar, dunyo hamjamiyati BMT Bosh Assambleyasining Inson huquqlari kengashiga Oʻzbekistonni tarixda ilk bora saylashi orqali guvohlik berdi. Inson huquqlarini himoya qilish va inson huquqlari madaniyatini oshirishda koʻrsatgan xizmatlari uchun har yili Xalqaro inson huquqlari kuni arafasida topshiriladigan “Inson huquqlari himoyasi uchun” koʻkrak nishoni taʼsis etildi.
Inson huquqlari boʻyicha Samarqand forumi dunyo yoshlari huquqlarini taʼminlash va ularni inson huquqlari bilan tanishtirish hamda yoshlar orasida inson huquqlari tushunchalarini keng targʻib qilish va oʻqitish uchun asosiy yoʻnalishlarni belgilab berdi. Pandemiya sababli veb-forum formatida tashkil etilgan tadbirda BMT va uning ixtisoslashgan muassasalari, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi, Yevropa Kengashi kabi qator xalqaro tashkilotlar hamda Oʻzbekiston va oʻn beshdan ziyod xorijiy mamlakatdan yetti yuz ellikdan ortiq ishtirokchi qatnashdi.
Joriy yilning 22-iyun sanasida imzolangan Prezident Farmoni bilan mamlakatimiz tarixida ilk bor Inson huquqlari boʻyicha Milliy strategiya qabul qilindi. Bu Oʻzbekistonda inson huquqlarini taʼminlash va kafolatlash boʻyicha tashlangan navbatdagi dadil qadam, Prezidentimiz rahnamoligida olib borilayotgan insonparvar siyosatning yana bir yorqin namunasidir.
Davlatimiz rahbari joriy yilning 24-yanvar kuni Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomasida Inson huquqlari boʻyicha milliy strategiyani qabul qilish lozimligini taʼkidladi. Shuningdek 2020-yil 2-martda Prezident Farmoni bilan tasdiqlangan Davlat dasturida Milliy strategiya loyihasini ishlab chiqarishni jadallashtirish vazifasi Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi, Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili, vazirlik va idoralar zimmasiga yuklandi.
Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining Milliy strategiyada yurtimizda inson huquqlarini taʼminlash va kafolatlash boʻyicha olib borilayotgan insonparvar siyosatning asosiy yoʻnalishlari, yaqin kelajakda bajarilishi koʻzda tutilgan vazifalar va ularni amalga oshirish mexanizmlari aniq belgilangan.
Strategiyada 5 asosiy yoʻnalish koʻrsatilgan:
shaxsiy va siyosiy huquqlarni himoya qilish;
iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarni himoya qilish, barqaror rivojlanish;
inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi xalqaro standartlarni qonunchilikka va huquqni qoʻllash amaliyotiga implementatsiya qilish hamda monitoring mexanizmlarini takomillashtirish;
inson huquqlari sohasidagi huquqiy savodhonlikni oshirish, jumladan bu borada samarali axborot va maʼrifat tarqatish, taʼlim berish faoliyatini tashkil etish;
inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar, xorijiy mamlakatlar milliy institutlari bilan hamkorlikni yangi bosqichga koʻtarish.
Asosiy Konunimiz jahon meʼzonlari talablariga javob beribgina qolmay, xalqaro miqyosda namuna boʻlgulik huquqiy hujjat ekanini ham koʻrsatadi. Bu mazmundagi eʼtiroflarga oʻz-oʻzidan sazovor boʻlingani yoʻq. Chunki bunday darajadagi huquqiy hujjatni tayyorlash, qabul qilish va uncha-muncha tasavvurlardagi ishlardan ham masʼuliyatliroq va murakkabroqki, buni anglash uchun birinchi Prezidentimizning quyidagi fikrlarini yana bir bora yodga olish oʻrinli: “Tabiiyki, har qanday davlatning yuzi, obroʻ-eʼtibori uning Konstitutsiyasi hisoblanadi. Zotan, Konstitutsiya davlatni davlat, millatni millat sifatida dunyoga tanitadigan Qomusnomadir. Asosiy Qomusimiz xalqimizning irodasini, ruhiyatini, ijtimoiy ongi va madaniyatini aks ettiradi. Bir soʻz bilan aytganda, Konstitutsiyamiz tom maʼnoda xalkimiz tafakkuri va ijodining maxsulidir”.
Xulosa qilib aytish mumkinki, inson huquqlarlari hamma davrlarda diqqat markazida boʻlib qolgan. Har doim insonlar oʻz shaʼni va qadr-qimmati uchun kurash olib borganlar. Yuqorida aytib oʻtganimiz Konstitutsiyamizning 13-moddasi toʻldirilayotganligi ham yurtimizda inson huquqlariga berilayotgan eʼtibor desak mubolagʻa boʻlmaydi.
Nodir Muhiddinov,
TDYUU Ixtisoslashtirilgan
filiali Davlat-huquqiy fanlar kafedrasi oʻqituvchisi