Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu tadbirda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi va Vazirlar Kengashi, viloyatlar hamda Toshkent shahar hokimliklari tashkiliy-kadrlar guruhlari hamda Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi hududiy filiallari rahbarlari ishtirok etdi.

Seminarda yaqinda kuchga kirgan “Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisida”gi qonunning mazmun-mohiyati, zamonaviy rahbar qiyofasi va davlat xizmatchilariga qoʻyilayotgan talablar toʻgʻrisida fikrlar bildirildi.

Seminarda davlat fuqarolik xizmatchilarining odob-axloq qoidalari, milliy kadrlar zaxirasini shakllantirish va yuritish, ularning eng muhim samaradorlik koʻrsatkichlari kabi mavzularda maʼruzalar tinglandi. Malakali mutaxassislar tomonidan “Self-menejment: shaxsiy samaradorlikni oshirish” hamda “Liderlik va samarali jamoani shakllantirish” mavzularida seminar trening mashgʻulotlari oʻtkazildi.

Oʻquv davomida muhokama etilgan mavzular boʻyicha viloyat hokimligi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumot berdik. Binobarin, Prezidentimiz tomonidan joriy yilning 4-avgust kuni oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida davlat xizmatini isloh qilish hamda xalqimizni rozi qilish va davlat idoralariga boʻlgan ishonchini oshirish borasida amalga oshirilishi lozim boʻlgan vazifalar aniq belgilab berildi.

Bugungi kunda viloyatimizda 8800 nafardan ortiq davlat fuqarolik xizmatchilari mehnat qilmoqda. Viloyat, shahar va tumanlar hokimliklari masʼul xodimlari soni 475 nafarni tashkil etadi. Zaxiraga olingan kadrlarni rotatsiya qilish va lavozimga koʻtarish yoʻnalishida joriy yilda respublika vazirlik va idoralaridan 1 nafar masʼul xodim viloyat hokimining oʻrinbosari lavozimiga, 2 nafari shahar, tuman hokimi lavozimiga tayinlandi. Shuningdek, viloyat boshqarmalaridan 16 nafar xodim shahar va tuman hokimining oʻrinbosari lavozimiga, 13 nafar shahar va tuman hokimining oʻrinbosari esa viloyat boshqarma va tashkilotlari rahbarlik lavozimlariga loyiq koʻrildi.

Xalq deputatlari viloyat, shahar va tumanlar Kengashlarida yangi tayinlanayotgan viloyat hokimining oʻrinbosarlari, shahar va tumanlar hokimlarining hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” tasdiqlanadi hamda uning ijrosini tashkil etish boʻyicha oylik, xaftalik, kunlik ish reja asosida tizimli ish olib borilmoqda.

Xuddi shunday, shahar va tuman hokimining oʻrinbosari lavozimiga yangi tayinlanayotgan rahbarlar esa viloyat hokimligi tashkiliy-kadrlar guruhi hamda viloyat hokimining oʻrinbosari tegishli kotibiyati bilan birgalikda kompleksni rivojlantirish boʻyicha ham “yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqadi hamda uning ijrosini taʼminlash choralarini koʻradi.

Rahbarlikka nomzodlarning bilimi, tajribasi va salohiyati ochiq tanlov orqali aniqlanayotgani, davlat xizmatchilari uchun muntazam ravishda malaka oshirish kurslari tashkil etilayotgani va eng muhimi, kadrlar tanlash va zahiraga olish jarayoni oliy oʻquv yurtlaridan boshlanayotgani davlat xizmatida munosib insonlar mehnat qilishiga turtki boʻlmoqda.

Viloyatimizda yosh kadrlarni saralashni oliy taʼlimdan boshlab, ularni zahiraga olish, tegishli vazifada ish faoliyatini boshlashiga koʻmaklashish va qoʻllab-quvvatlash boʻyicha tatbiq etilayotgan uch yillik tajriba tasdiqlamoqda.

Eng muhimi, ana shu davrda kadrlarni joy-joyiga qoʻyish, munosib zahira yaratish, ularni oʻqitish, malakasini oshirish, lavozimda bosqichma-bosqich koʻtarish borasida tizim yuzaga kelyapti. 2020-yildan buyon oliy oʻquv yurtlaridan iqtidorli bitiruvchilarni besh mezon asosida saralash va ularni viloyat hokimligining istiqbolli kadrlar zaxirasiga olish tizimi yoʻlga qoʻyilgan.

Uch yil davomida 1368 nafar iqtidorli yosh kadrlar zaxiraga olinib, davlat xizmatiga ishga taklif etilmoqda. Ushbu yosh mutaxassislar tarkibidan 262 nafar hokim yordamchisi, 117 nafar yoshlar yetakchisi, 77 nafar xotin-qizlar faoli, jami 456 nafar yoshlarni istiqbolli kadrlar sifatida saralab olindi.

Mahalladagi hokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari va xotin-qizlar faollari ham bizning umidli kadrlarimiz boʻlib, avgust oyidan boshlab har oyda muntazam ravishda har bir hududda alohida-alohida tartibda maxsus seminarlar oʻtkazish yoʻlga qoʻyildi.

Oʻquv-seminar davomida ishtirokchilar Samarqand tumani Qoʻshtamgʻali mahallasida sektor rahbari va mahalla raisi, hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, profilaktika inspektorining hamkorlikdagi faoliyati bilan tanishdi.Samarqand shahridagi yangi obyektlar, tarixiy-madaniy yodgorliklarga sayohatlar uyushtirildi.

Behzod RAHMATULLAYEV,

Samarqand viloyati hokimligi

tashkiliy-kadrlar guruhi rahbari