Insonparvar maʼrifatli jamiyat asoslarini takomillashtirish dolzarb masala

    Mamlakatimizda 15 Fevral 2023 1388

    Joriy yil 15-fevralda Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi tomonidan “Insonparvar maʼrifatli jamiyat asoslarini takomillashtirishning dolzarb masalalari: amaliyot va istiqbol” mavzusida ilmiy-nazariy konferensiya tashkil etildi.

    Mazkur konferensiya yoshlarimiz ongini radikalizm, ekstremizm, terrorizm, odam savdosi, giyohvandlik kabi buzgʻunchi yot gʻoyalardan himoya qilish masalasini ilmiy jihatdan muhokama etish hamda maʼrifatli jamiyat asoslarini takomillashtirishga doir taklif-tavsiyalar ishlab chiqish maqsadida oʻtkazildi.

    Unda senatorlar, soha mutaxassislari, tadqiqotchilari, ekspertlar, vazirlik va idoralar masʼullari, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari, Yoshlar parlamenti aʼzolari, yoshlar yetakchilari, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti professor-oʻqituvchilari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

    Taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga yoʻllagan Murojaatnomasida jamiyatda har qanday radikallashuv, dindan siyosiy maqsadlarda foydalanish, maʼrifat oʻrnini jaholat egallashiga yoʻl qoʻyilmaslik, buning uchun barcha birgalikda muqaddas dinimizning insonparvarlik mohiyatini ochib berish, farzandlarni milliy va umumbashariy qadriyatlar ruhida tarbiyalash boʻyicha oila, mahalla va taʼlim maskanlarida ish olib borilishi, bu borada alohida Milliy dastur qabul qilinishini maʼlum qilingan edi.

    Konferensiya davomida ishtirokchilar oʻz maʼruzalarida ayni shu kabi dolzarb masalalarga alohida eʼtibor qaratdi. Jumladan, mutaxassislar tomonidan “Yoshlar va raqamli dunyo: imkoniyatlar va tahdidlar”, “Ijtimoiy-maʼnaviy muhitni baholash muammolari, “Yoshlarda qadriyatlar moʻljallari tizimida diniy yondashuvlarning oʻrni”, “Lifelong Learning paradigmasi va axborot jamiyati diskursida XXI asr taʼlimining konseptual muammolari”, “Jadid taraqqiyparvarlarining xalq maorifi yoʻlidagi milliy dasturi: diniylik va dunyoviylik — pedagogika yoxud pedologiya”, “Diniy ekstremizm – jamiyat taraqqiyoti va barqarorligiga tahdiddir” hamda “Yoshlar oʻrtasida radikal gʻoyalarga qarshi kurashning dolzarb masalalari” kabi mavzularda maʼruzalar qilindi.

    Qizgʻin savol-javob va muhokamalar tarzida oʻtgan tadbirda insonparvar maʼrifatli jamiyat asoslarini takomillashtirish, maʼnaviy maʼrifiy ishlarni yanada rivojlantirish yuzasidan bir qator takliflar ilgari surildi.

    Konferensiya soʻnggida bildirilgan tavsiyalar qabul qilinib, unda qayd etilgan takliflar jamiyatning maʼnaviy asoslarini mustahkamlashga qaratilgan Milliy dastur loyihasiga taqdim etiladigan boʻldi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.